O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 26-may kuni o‘tkazilgan sanoatni rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil etilishi e’lon qilindi. Ushbu kompaniya milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda raqobatbardosh qilish va dunyoga tanitish maqsadida faoliyat yuritadi.
Kompaniyaning asosiy vazifalari:
-
Xorijdan brend-menejerlar, dizaynerlar, piar-menejerlar va marketologlarni jalb qilish.
-
Kamida 50 ta sifatli va xalqaro bozorda raqobatbardosh milliy mahsulotni tanlab olish.
-
Ularga sifat belgilarini berish va ularga katta targ‘ibot kampaniyasini tashkil etish.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2025-yilning birinchi choragida O‘zbekiston eksporti 20 foizga oshgan bo‘lsa-da, to‘qimachilik sektori eksporti kamaygan. Prezident Shavkat Mirziyoyev mahsulotlarning xalqaro bozorda arzon sotilishining sababi sifatning yetarlicha ko‘rsatilmasligida ekanligini aytdi. Shu sababli, xalqaro sertifikat olishning ahamiyati katta.
Hozirda to‘qimachilik sohasida 1,5 mingdan ziyod yirik va o‘rta korxonalardan faqat 244 tasi xalqaro sertifikatga ega. Prezident korxonalarga sertifikat olishda yordam berishni topshirdi, bu esa eksportni va qo‘shilgan qiymatni oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida xalqaro sertifikatga ega korxonalar sonini oshirish bo‘yicha maxsus vazifalar belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil mart oyida tashkil etilgan Savdoni rivojlantirish kompaniyasi ham milliy mahsulotlarni xalqaro standartlarga moslashtirish va eksportni kengaytirishga ko‘maklashadi.