“The Guardian” nashri olib borgan jurnalistik surishtiruv Donald Tramp va uning oilasining kriptovalyuta sohasi orqali qanday qilib milliardlab dollar daromad orttirayotgani, xorijiy investorlar bilan aloqalari va hukumatdagi vakolatlar bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuvini fosh etdi.
Mazkur holatlar ortidan quyidagi savollar kun tartibiga chiqmoqda: Tramp prezident sifatida o‘z lavozimidan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanayaptimi? Uning kripto faoliyati orqali xorijiy sarmoyalar yashirin ravishda siyosiy ta’sir vositasiga aylanyaptimi? Va bu jarayon AQSh iqtisodiy xavfsizligiga tahdid solmayaptimi?
Donald Trampning o‘zi va oilasi bilan bog‘liq kriptovalyuta loyihalari joriy yilda milliardlab dollar daromad olib keldi. Ammo ularning moliyaviy yuksalishi bilan birga, ayrim muammolar, korrupsiya ehtimoli va milliy xavfsizlikka tahdidlar bo‘yicha xavotirlar ham kuchaymoqda.
Tramp o‘z nomi bilan chiqarilgan $Trump tokeni va oilasi bilan birga asos solgan “World Liberty Financial” (WLF) kompaniyasini faol reklama qilmoqda. Bu loyihalar orqali xorijiy investorlar, xususan Xitoylik Justin Sun va Singapurlik kompaniyalar, millionlab dollar sarflab Trampga yaqinlashmoqda.
Ularning ayrimlari Tramp ishtirok etgan xususiy tadbirlarga taklif qilingan.
22-may kuni Tramp Virjiniyadagi golf klubida $Trump tokenining 220 yirik xaridori uchun kechki ovqat va 25 eng yirik xaridor uchun maxsus qabul o‘tkazdi.
Bu tadbirlardan tushgan umumiy daromad 148 million dollarni tashkil etgan.
“WLF” kompaniyasi yaqinda Abu Dabi investitsiya jamg‘armasi va “Binance” kripto birjasi bilan 2 milliard dollarlik bitim tuzdi. Ular bu sarmoyani amalga oshirish uchun USD1 nomli barqaror kriptovalyutani (stablecoin) ishlatmoqda.
22-may kuni “Binance” ushbu tokenni o‘z platformasida savdoga chiqardi.
Biroq tanqidchilar bu faoliyatlar Tramp va uning oilasi manfaatlariga xizmat qilayotganini aytishmoqda.
Kuzatuv guruhlari, senatorlar Jef Merkley, Chak Shumer va vakil Jamie Raskin bu ishlar orqali xorijiy hukumatlar va korporatsiyalar Tramp oilasiga pul oqimini yashirin yo‘l bilan yetkazayotganini da’vo qilishmoqda.
“Bu – korrupsiya uchun yo‘l xaritasi,” — dedi Larri Nobl, sobiq davlat yuristi. “Ular investitsiya evaziga nimani talab qilishyapti? Bu bizning milliy xavfsizligimiz uchun tahdid bo‘lishi mumkin.”
Tramp ilgari Bitcoin’ni firibgarlik deb atagan bo‘lsa, endilikda kripto sanoatini ochiq qo‘llab-quvvatlamoqda. U Oq uyda “Kripto Sammit” o‘tkazdi va o‘z farmoni orqali nazoratlarni yumshatdi. Bu esa kripto sohasi tomonidan millionlab dollar mablag‘ bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Shu orada, Binance sobiq rahbari Changpeng Zao AQShda pul yuvishga qarshi qonunni buzganini tan olib, to‘rt oy qamoq jazosini o‘tagan va endi Trampdan afv so‘ramoqda.
SEC (Qimmatli qog‘ozlar komissiyasi) esa “Binance” va Justin Sanga qarshi tergov ishlarini muzlatib qo‘ygan — bu esa Trampning ularni himoya qilayotgani haqidagi shubhalarni kuchaytirdi.
Senatdagi “Genius Act” qonun loyihasi, stablecoin’larni nazorat qilishni yengillashtirish orqali aynan “WLF” kabi kompaniyalarga foyda keltiradi.
Bu qonun 19-may kuni muhim bosqichdan o‘tdi.
“Afsuski, Tramp o‘z lavozimini shaxsiy boylik orttirish uchun ishlatmoqda va juda oz respublikachilar uni tanqid qilishga jur’at etmoqda,” — dedi sobiq respublikachi kongressmen Deyv Trot, u hatto Trampni impichment qilish uchun ovoz berishni xohlashini aytdi.