Hindistonning yirik aviakompaniyalaridan biri bo‘lgan “IndiGo”ning Dehlidan Shrinagarga yo‘l olgan “6E-2142” raqamli reysi kuchli bo‘ron va chaqmoqqa duch kelib, havoda xavfli vaziyat yuzaga keldi.
“Airbus A321” samolyoti bortida 227 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
Hodisa Hindistonning Patxankot hududi ustida yuz berdi. Samolyot to‘satdan bo‘ron zonasiga kirib qoldi. Ekipaj samolyotni boshqa xavfsiz yo‘nalishga burish uchun Hindiston Harbiy-havo kuchlaridan hamda Pokistonning Lahor havo nazorat markazidan havo hududidan foydalanish uchun ruxsat so‘radi. Ammo har ikki so‘rov rad etildi. Bu samolyotning xavfli ob-havo sharoitidan o‘tishga majbur bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Bo‘ron o‘ta kuchli chaqmoq, kuchli shamol va havo oqimlaridan iborat bo‘lib, samolyotda keskin silkinishlar va tebranishlar yuz berdi. Yo‘lovchilarning guvohliklariga ko‘ra, ko‘pchilik vahimaga tushdi, ayrimlar ibodat qilishni boshlagan. Styuardessalar yo‘lovchilarni tinchlantirishga urinib, xavfsizlik belbog‘larini mahkamlashni so‘ragan.
Bo‘ron paytida samolyotning old qismi — burni chaqmoqdan zarar ko‘rdi. Bundan tashqari, avtopilot tizimi ishdan chiqdi. Tajribali uchuvchilar qo‘lda boshqaruvga o‘tishga majbur bo‘lishdi. Buning natijasida samolyot bir necha soniyada 8 500 fut/min tezlikda pastlashni boshladi — bu yo‘lovchilar orasida yana ham katta qo‘rquvni keltirib chiqardi.
Uchuvchilar darhol favqulodda holat e’lon qilishdi va Shrinagar aeroporti bilan bog‘lanib, tezkor favqulodda qo‘nish uchun ruxsat so‘rashdi. Samolyot 30 daqiqalik xavfli parvozdan so‘ng sog‘-salomat qo‘ndirildi. Barcha yo‘lovchilar xavfsiz tarzda evakuatsiya qilindi.
Hech kim tan jarohati olmadi, ammo bir necha yo‘lovchiga ruhiy holati sabab tibbiy yordam ko‘rsatildi. Samolyot hozirda parvozdan keyingi texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Hindiston Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (DGCA) hodisa yuzasidan rasmiy tergov boshladi. Kompaniya matbuot xizmati voqea yuzasidan bayonot berib, uchuvchilar va ekipajni professional va jasoratli harakatlari uchun olqishladi.