Amerikalik mashhur shaxs va biznesmen Kim Kardashyan 2016-yilda Parijda yashayotgan vaqtida jinoyatchilar tomonidan talonchilikka uchragan edi. Bu ish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi: jinoyatchilar sudda aybdor deb topildi.
Ushbu jinoyatni amalga oshirgan guruh “Grandpa Robbers” nomi bilan tanilgan. Guruh a’zolari — asosan 60–70 yosh oralig‘idagi erkaklar bo‘lib, ular jinoyatni juda puxta rejalashtirishgan. 2025-yil may oyida bo‘lib o‘tgan sudda 10 kishidan 8 nafari aybdor deb topildi, qolgan 2 nafariga esa oqlov qarori chiqarildi.
2016-yil 3-oktabr kuni Kim Kardashyan Parijdagi hashamatli mehmonxonada qolgan edi. Jinoyatchilar tibbiyot xodimlari kiyimida kirib kelib, unga qurol bilan tahdid qilishadi, qo‘l-oyog‘ini bog‘lashadi. Ular Kardashyanning og‘zini ham yopib, uni hammomda qoldirishgan. So‘ngra xona seyfidan qimmatbaho taqinchoqlarni, jumladan 4 million dollarlik uzukni o‘g‘irlab ketishadi.
Jinoyatchilar umumiy hisobda 10 million dollarga yaqin zarar yetkazgan. Bu voqea o‘z vaqtida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan va Kim Kardashyan uzoq vaqt omma oldida chiqish qilmagan edi.
2025-yil 23-maydagi sud jarayonida jinoyatchilar o‘z qilmishlarini tan olishdi. Sud ularni mol-mulk o‘g‘irligi, qurolli bostirib kirish va zo‘ravonlikda aybladi. Shunga qaramay, ayrim jinoyatchilarning yoshi va sog‘lig‘i inobatga olinib, qamoqqa emas, uy qamog‘i yoki shartli jazoga tortildi.
Asosiy aybdorlardan biri Yunis Abbas o‘z intervyularida voqeani tan olib, afsusdaligini bildirgan edi.
Kim Kardashyan bu voqea haqida keyinchalik ommaga ochiq intervyular bergan. U o‘z hayoti xavf ostida qolganini va ruhiy zarba olganini tan olgan. Shundan so‘ng u xavfsizlik choralarini kuchaytirgan, ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirlar va geolokatsiya xabarnomalarini kamaytirgan.