Namanganda bir bloger “Damas” rusumli avtomobil rulida harakatlanayotib, tovoqda osh yegani aks etgan videosini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib, keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi.
Oradan ko‘p o‘tmay, u yana bir video e’lon qildi. Unda u shu avtomobilga uy va ofislar uchun mo‘ljallangan konditsioner o‘rnatib, yo‘lda harakatlangani ko‘rsatilgan.
Boshqa bir holatda esa “Neksiya 3” avtomobili bitta g‘ildiraksiz, ya’ni uch g‘ildirakda harakatlanayotgani aks etgan video tarqaldi. Bu ham ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Namangan viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ushbu holatlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazdi. Natijada, yo‘l harakati qoidalarini buzgan va bu harakatlarini videoga olib ommaga tarqatgan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155-moddasi 3-qismi va 125-moddasi 5-qismiga binoan bayonnoma tuzildi. Mashinalar vaqtincha jarima maydoniga joylashtirildi.