Texnologiya sanoatining eng yirik arboblaridan biri bo‘lgan Elon Musk joriy yil 20-may kuni Qatar Iqtisodiy Forumi doirasida bergan intervyusida siyosiy xayriyalarni keskin kamaytirishini ma’lum qildi.
Bloomberg bilan suhbatda u shunday dedi:
“Kelajakda siyosiy xayriyalarimni ancha kamaytiraman. Menimcha, yetarlicha ish qildim.”
Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi bo‘lgan Mask 2024-yilgi AQSh prezidentlik saylovlarida sobiq prezident Donald Trampning qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlash uchun 300 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratgan edi. Ushbu mablag‘lar asosan “America PAC” va “RBG PAC” kabi super siyosiy qo‘llab-quvvatlov guruhlari orqali yo‘naltirilgan.
Maskning siyosiy faolligi oxirgi yillarda jiddiy e’tibor markazida bo‘ldi. U Tramp ma’muriyati davrida “Hukumat samaradorligi departamenti” (DOGE)da norasmiy maslahatchi sifatida faoliyat yuritgan. Shuningdek, federal darajadagi ish o‘rinlarini qisqartirish takliflarini ilgari surgani bois ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va siyosiy faollar tomonidan tanqid ostiga olingan. Ayrim guruhlar hattoki “Tesla Takedown” harakatini boshlab, Maskning siyosiy ta’siriga qarshi chiqishgan.
Intervyu davomida Mask kelajakda siyosiy xayriyalarni davom ettirish ehtimoli borligini ham istisno etmadi:
“Agar kelajakda siyosiy xayriyalar uchun sabab ko‘rsam, albatta qilaman. Hozircha bunday sabab ko‘rmayapman.”
Maskning bu bayonoti 2026-yilgi oraliq saylovlar arafasida siyosiy partiyalar, ayniqsa respublikachilar uchun moliyaviy yo‘qotish bo‘lishi mumkin.
Tahlilchilarning fikricha, bu qaror Maskning siyosatdan chekinib, e’tiborini Tesla, SpaceX va sun’iy intellekt sohasidagi loyihalariga qaratishga urinayotganidan dalolat beradi.