2025-yil 1-iyulgacha O‘zbekistonda bolalar orasida onkologik va onkogematologik kasalliklarni raqamli monitoring qilish va boshqarish tizimi joriy etiladi. Bu Prezident qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
“Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi orqali bolalarni ro‘yxatga olish, tashxis qo‘yish, davolash, kuzatuv va yo‘llanma berish jarayonlari raqamlashtirilgan marshrut asosida yuritiladi. Shuningdek, masofadan shifokor qabuliga yozilish va onlayn maslahat olish imkoniyati yaratiladi.
2025-yil yakuniga qadar bu strategiyani amalga oshirish doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari ham tatbiq etiladi.
Muhim tashabbus sifatida, Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Bolalar saratoni bo‘yicha xalqaro akademik xab tashkil etiladi.
Ushbu akademik xab ilmiy-ta’lim muassasasi maqomida quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:
-Xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish, ular xalqaro sertifikatlash va doimiy tibbiy ta’lim tizimi standartlariga mos bo‘ladi;
-Bolalar saratoni bilan kasallanishning epidemiologik tendensiyalarini tahlil qilish va prognozlash, shuningdek, profilaktika choralarini ishlab chiqish.