Yangiyo‘l tuman sudi tomonidan 28 yoshli D.N. ismli erkak rafiqasini qasddan o‘ldirgani uchun 18 yil ozodlikdan mahrum etildi. U Toshkent metrosida mashinist bo‘lib ishlagan va jinoyatni 2023-yil 10-dekabr kuni sodir etgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, D.N.oilaviy janjallar ortidan ajrashish arafasida bo‘lgan rafiqasini ish joyidan olib ketgan, avtomobilida Yangiyo‘l tumanidagi Salo kanaliga olib borgan. U yerda ayolni oshxona pichog‘i bilan urib o‘ldirgan, so‘ng jasadini kanalga tashlab qochib ketgan.
Qotillik sodir bo‘lgan paytda ayol homilador bo‘lgan, bu esa jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholangan. Marhumaning yaqinlari sudda D.N. ikki hayotni birvarakayiga olib qo‘yganini ta’kidlab, unga umrbod qamoq jazosi berilishini talab qilishgan.
Sud qaroriga ko‘ra, D.N. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “b” bandi (ayol homilador ekanligini bilgan holda qasddan o‘ldirish) bilan aybdor deb topildi va unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.