2025-yilda bir qator mamlakatlar sun’iy intellekt (AI)ni maktab ta’limiga keng joriy etish bo‘yicha yangi tashabbuslarni boshladi.
Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va Estoniya AI sohasidagi bilimlarni yosh avlodga erta bosqichda berishni maqsad qilgan.
Birlashgan Arab Amirliklarida 2025-yil bahoridan boshlab 4 yoshli bolalar uchun sun’iy intellekt asoslari bo‘yicha alohida o‘quv dasturi joriy qilindi. Rasmiylarga ko‘ra, bu tashabbus mamlakatning global AI markaziga aylanish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Yangi dastur orqali maktabgacha ta’lim muassasalarida AI etikasi, vizual kodlash, chatbotlar bilan ishlash va tanqidiy fikrlash kabi ko‘nikmalar beriladi. Buning uchun o‘qituvchilarga maxsus malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi. Hukumat 2030-yilgacha AI sohasida 100 ming mutaxassis tayyorlashni rejalashtirgan.
Xitoy poytaxti Pekin 2025-yil mart oyidan boshlab barcha maktablarda AI darslarini majburiy tarzda joriy etdi. Loyiha boshlang‘ich sinflardan boshlab amalga oshirilmoqda va har yili kamida 8 soatlik sun’iy intellektga oid mashg‘ulotlarni qamrab oladi.
Darslarda o‘quvchilarga dasturlash asoslari, jumladan Python tili, AI ilovalari yaratish, yuzni aniqlovchi dasturlar ishlab chiqish va ovozli yordamchilar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar beriladi. Sinflarda AI yordamida baholash tizimlari ham joriy etilgan.
Xitoy hukumati bu orqali yosh avlodni raqamli iqtisodiyotga tayyorlashni maqsad qilgan.
Estoniya 2025-yil boshida “AI Leap” deb nomlangan yangi ta’lim platformasini ishga tushirdi. Tashabbus 16–17 yoshli o‘quvchilar va 3 mingdan ortiq o‘qituvchini qamrab oladi.
Dastur sun’iy intellekt bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, “OpenAI” va “Antropik” kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
O‘quvchilar AI yordamida matn, rasm, ovoz va dasturiy kodlar yaratishni o‘rganadi. Har bir ishtirokchi uchun “AI Portfolio” yaratiladi, u orqali o‘quvchilar universitetlarga yoki ish beruvchilarga o‘z ishlarini taqdim etishi mumkin bo‘ladi. Estoniya hukumati ushbu portfolioni oliy ta’limga kirishda imtiyozli hujjat sifatida tan olishni rejalashtirmoqda.