Paxtachi tumanida maktab o‘quvchilari o‘rtasida yuz bergan janjal natijasida 18 yoshli yigit halok bo‘ldi. Voqeaga ijtimoiy tarmoqlardagi Instagram’dagi tortishuv sabab bo‘lganligi aytilmoqda.
14-may kuni Paxtachi tumanidagi 1-maktabning uch nafar o‘quvchisi va 12-maktabning ikki nafar o‘quvchisi o‘rtasida janjal yuzaga keldi. Bu janjalda 12-maktab o‘quvchilaridan biri, 18 yoshli yigit voqea joyida vafot etdi.
Janjal Instagram’dagi izohlardagi gap talashuv natijasida boshlandi. Ular bir-birini haqorat qilib, tortishib qolishgan.
Tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimi Hayot Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, marhumni boshqa bir o‘quvchi tirsagi bilan urgan. Natijada u orqa miya bilan yiqilib, tili orqaga ketib qolgan.
Shifokorlar voqea joyida bemorda ko‘z qorachiklarining maksimal kengayishi, yirik arterial va venalarda pulsning va yirik jarohatlarning yo‘qligini aniqlashgan. Bo‘yin atrofida shikastlanish belgilar va og‘iz hamda burun atrofida qon izlari ham bo‘lgan.
Marhumning onasi: “Yolg‘iz farzandim edi. Orzulari juda katta edi. Bolalar bilan urishadigan bola emasdi. Bir umr kechirmayman”, — deydi.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Voyaga yetmagan o‘quvchilar gumonlanuvchi sifatida ushlangan va ularga qamoqqa olish chorasi qo‘llanmoqda. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.