Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda Osiyodagi eng yirik chang‘i kurorti barpo etilishi haqida e’lon qildi.
Japarov bu haqda Facebook’dagi rasmiy sahifasi orqali xabar bergan va “Ala-Too” nomini olgan loyiha qurilishining birinchi bosqichi boshlanganini bildirgan.
Yangi chang‘i hududi 250 kilometr uzunlikdagi yo‘llarni o‘z ichiga oladi va bu ko‘rsatkich bilan u Yevropadagi mashhur Les 3 Vallees (Fransiya) yoki Sella Ronda (Italiya) kabi kurortlarga raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, “Ala-Too” chang‘i maskani Issiqko‘l ko‘lining janubida joylashgan uchta tog‘ tizmasida — Jirg‘alan, Oq-Bulak va Bo‘z-Uchuk hududlarida barpo etiladi. Bu joylar Xitoy bilan chegaradosh, biroq hozirga qadar chang‘i sporti uchun yetarli darajada rivojlanmagan hududlar hisoblanadi.
Prezident Japarovga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichi — Jirg‘alan sektori to‘liq davlat mablag‘i hisobidan moliyalashtiriladi. Shu bilan birga, kelgusida xususiy investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Buning uchun kurort atrofidagi yerlar investorlar e’tiboriga havola qilinadi, biroq Prezident ularni faqat ikki yil ichida qurilish boshlash sharti bilan sotishga ruxsat berilishini ta’kidladi.
“Agar qurilish boshlanmasa, bu yerlar yana davlat mulkiga qaytariladi,” — dedi u.
Prezidentning aytishicha, loyihaning ilk sektori — Jirg‘alan 2025–2026-yilgi mavsumda foydalanishga topshiriladi.
Keyingi bosqichlar — Oq-Bulak 2027-yilda, Bo‘z-Uchuk esa 2028-yilda ishga tushiriladi. Shu yildan boshlab bu uchala hudud yagona chang‘i kurorti — “Ala-Too Resort” tarzida faoliyat yuritadi.
Ammo loyihaga nisbatan ba’zi shubhalar mavjud. Ayni vaqtda Osiyoda birorta ham chang‘i maskani 100 kilometrdan ortiq yo‘llarga ega emas, hattoki chang‘i sporti kuchli rivojlangan Yaponiya ham bu raqamga yetmagan. Shunga qaramay, Prezident Japarov yiliga ikki milliongacha sayyohni jalb qilish mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu ko‘rsatkich bugungi kunda Yevropaning eng katta chang‘i kurortlarida — masalan, Avstriyaning Ishgl maskanida — qayd etilgan eng yuqori raqamlarga teng.