Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni qurilish materiallari sanoatidagi taqdimot bilan tanishar ekan, bu sohada sifat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha muhim topshiriqlar berdi. Xususan, “Shaffof qurilish” platformasida korxonalar reyestri joriy etilib, mahsulotlarning sifati ustidan nazorat yo‘lga qo‘yiladi.
Sanoat o‘smoqda, biroq asosiy muammo sifat va tannarx. Bugungi kunda O‘zbekistonda 10 mingga yaqin qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda, shu yilning birinchi choragida ishlab chiqarish hajmi 8 foizga, eksport esa 11 foizga oshdi.
Yil yakuniga qadar 53 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 1,2 milliard dollarlik eksportni amalga oshirish, va 16 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Prezident: “Sifat, tannarx va qurilish madaniyati eng dolzarb masala”, deya ta’kidlab, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy izlanishlarni ko‘proq jalb etish lozimligini aytdi. Shu maqsadda sohada R&D tadqiqotlar markazi ochilib, Germaniyadan maslahatchi jalb qilindi.
Beton qoplama texnologiyasi bo‘yicha yangiliklar, geologiya va energiya tejamkorligi bo‘yicha yondashuvlar, hamda energiya auditi orqali aniqlangan 300 mln kVt/soat iqtisod qilish imkoniyati – bularning barchasi sanoatni yanada samarali rivojlantirishga xizmat qiladi.
Prezident topshirig‘i asosida amalga oshiriladigan bu chora-tadbirlar milliy qurilish materiallari sanoatini raqobatbardosh va sifatli qilishga qaratilgan.