AQSh Harbiy-havo kuchlariga qarashli F-16 qiruvchi samolyoti Arizona shtati osmonida noma’lum uchuvchi obyekt bilan to‘qnashib, favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi.
Rasmiylarga ko‘ra, hodisa 2025-yil may oyi o‘rtalarida yuz bergan bo‘lib, samolyot jiddiy zarar ko‘rgan. Harbiy uchuvchi omon qolgan va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) va AQSh Harbiy-havo kuchlari ushbu holat bo‘yicha tergov olib bormoqda. Hodisa vaqtida “F-16” radarlari yuqori tezlikda harakatlanayotgan noma’lum obyektni qayd etgan. Uchuvchi obyektni ko‘z bilan ham payqagan va bu obyekt bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
Rasmiylar hodisa joyida uchuvchi dronlar yoki xorijiy davlatlarga tegishli kuzatuv texnologiyasi bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti. Ba’zi harbiy manbalar bu kabi obyektlarning Meksika narkotik kartellari tomonidan ishlatilayotgan zamonaviy dronlar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
“New York Post” nashriga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta davomida Arizona osmonida bir necha marta shunga o‘xshash uchuvchi obyektlar kuzatilgan. Guvohlarning aytishicha, obyektlar uchburchak shaklga ega, sust tovush chiqaruvchi va yorqin yaltirab turgan. Ayrim Pentagon ichki manbalari bu texnologiyalarni “yerlik bo‘lmagan” degan ehtimoldan ham voz kechmayapti.
Voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Twitter va TikTok’da minglab foydalanuvchilar bu kabi nomaʼlum jismlar bilan bogʻliq video va taxminlarni ulashdi. Mahalliy aholi vakillari ham osmonda g‘ayrioddiy harakatlar guvohi bo‘lganliklarini bildirgan.
Ilmiy hamjamiyat voqeaga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Astronomlar va fiziklar noma’lum obyektlar yangi atmosferaviy hodisa, hali to‘liq o‘rganilmagan aerodinamik effekt yoki ilg‘or insoniy texnologiyalar bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.
Arizona osmonidagi bu voqea AQShda oʻzga sayyoraliklar, nomaʼlum uchar jismlar masalalariga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi. Pentagon, NASA va boshqa tashkilotlar mazkur hodisani chuqurroq o‘rganish niyatida ekanliklarini bildirishgan.