Hindiston janubidagi Haydarobod shahrida uch qavatli binoda yuz bergan yong‘in natijasida, shanba kuni kamida 17 kishi halok bo‘ldi. Rasmiylarning aytishicha, qurbonlarning aksariyati bolalar bo‘lgan.
Yong‘in shaharning tarixiy Charminar yodgorligi yaqinidagi “Gulzar Hous” hududida joylashgan binoda boshlangan. Binoning birinchi qavatida zargarlik do‘koni, yuqori qavatlarida esa turar joylar joylashgan.
Telangana shtati yong‘in xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Y. Nagi Reddining aytishicha, yong‘inga elektrdagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Unga ko‘ra, binoda yagona evakuatsiya yo‘li sifatida xizmat qiluvchi tor zinapoya tezda tutun bilan to‘lib, odamlarning qochishini qiyinlashtirgan.
Qutqaruvchilar hushsiz odamlarni kasalxonaga yetkazgan, ammo ularning 17 nafari hayotdan ko‘z yumdi. Qurbonlar orasida kamida sakkiz nafar 10 yoshgacha bo‘lgan bola borligi tasdiqlandi.
Bosh vazir Narendra Modi voqea yuzasidan bayonot berib, fojia qurbonlari oilalariga hamdardlik bildirdi va ularga moliyaviy yordam ajratilishini ma’lum qildi. Fojia yong‘in xavfsizligi standartlari va qurilish me’yorlariga rioya qilinmasligi borasidagi muammolarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.