Ijtimoiy tarmoqlarda maktab bitiruv tadbirlari bekor qilinishi yoki cheklovlar joriy etilgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Biroq bu da’volar asossiz.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirar ekan, joriy o‘quv yilining oxirgi kuni — 25-may yakshanbaga to‘g‘ri kelgani sababli, an’anaviy “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 24-may, shanba kuni o‘tkazilishi belgilanganini ma’lum qildi.
“Har yili bo‘lgani kabi, bu yil ham maktablarda bitiruv tadbirlari ko‘tarinki ruhda, bayramona tarzda o‘tkaziladi,” — deyiladi vazirlik izohida.
Shu bilan birga, Vazirlik maktab jamoalari, bitiruvchilar va ota-onalarni bayram chog‘ida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.