Saudiya Arabistonining Al-Ahsa mintaqasida dunyodagi birinchi sun’iy intellekt (SI) asosidagi klinika ishga tushirildi.
Ushbu innovatsion loyiha Xitoyning Synyi AI kompaniyasi va Saudiya Arabistonining Almoosa Health Group hamkorligida amalga oshirildi. Klinikada bemorlarni qabul qilish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha asosiy vazifalarni “Doktor Hua” nomli SI tizimi bajaradi.
Bemorlar klinikaga kelgach, planshet orqali “Doktor Hua” bilan muloqot qiladi. Ular o‘z simptomlarini tasvirlab beradi, SI esa qo‘shimcha savollar orqali ma’lumotlarni to‘playdi va zarur hollarda rentgen yoki EKG kabi tahlillarni tavsiya etadi. Bu tahlillar inson operatorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tashxis qo‘yilgach, SI davolash rejasini ishlab chiqadi, bu esa inson shifokori tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Dastlabki sinovlarda “Doktor Hua”ning aniqlik darajasi 99,7% ni tashkil etdi. Hozirda u asosan nafas yo‘llari bilan bog‘liq 30 ga yaqin kasalliklarni, jumladan, astma va tomoq og‘rig‘ini aniqlash va davolash bilan shug‘ullanmoqda.
Synyi AI kompaniyasi kelgusi yilda bu ro‘yxatni 50 ta kasallikka, jumladan, gastroenterologik va dermatologik kasalliklarni ham qamrab oladigan darajaga kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Ushbu klinika hozircha bepul xizmat ko‘rsatmoqda va to‘plangan ma’lumotlar Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash organlariga taqdim etiladi. Bu esa SI asosidagi tibbiy xizmatlarning rasmiy tasdiqlanishi va kengroq miqyosda joriy etilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Synyi AI kompaniyasi Saudiya Arabistonini o‘zining birinchi xalqaro bozori sifatida tanlab, bu yerda SI texnologiyalarini rivojlantirish va sog‘liqni saqlash sohasida yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilgan.
Bu loyiha nafaqat tibbiyot sohasida, balki texnologiya va innovatsiyalar sohasida ham muhim qadam bo‘lib, kelajakda SI asosidagi tibbiy xizmatlarning global miqyosda kengayishiga zamin yaratadi.