Istanbulda 16-may kuni Rossiya va Ukraina delegatsiyalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda tomonlar “1000 ga 1000” formatida mahbuslar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy va Ukraina Mudofaa vaziri Rustem Umerov alohida bayonot berishdi.
Ukraina delegatsiyasi rahbari Umerov uchrashuv davomida prezidentlar Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi ehtimoliy yuzma-yuz uchrashuv ham muhokama qilinganini bildirdi. Unga ko‘ra, Rossiya bilan yangi muzokaralar tez orada e’lon qilinishi mumkin.
Rossiya tomoni muzokaralardan umumiy qoniqish bildirganini ma’lum qilgan Medinskiy, Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar ehtimolini ham inkor etmadi. Medinskiy, shuningdek, tomonlar otashkesim bo‘yicha rejalarni alishtirishga kelishib olganini tasdiqladi.
Ammo “The Economist” nashri muxbiri Oliyver Keroll xabariga ko‘ra, Rossiya Ukraina armiyasini Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporizhye viloyatlaridan olib chiqishni talab qilgan va hatto Xarkov va Sumi viloyatlariga ham tahdid qilgan.
Kerollning manbasiga tayanib xabar qilishicha, Medinskiy Ukraina delegatsiyasiga: “Biz urushni xohlamaymiz, ammo qancha kerak bo‘lsa, yana bir yil, ikki yil yoki uch yil davom etishga tayyormiz. Sizchi, qancha vaqt jang qilishga tayyorsiz?” degan.
Istanbuldagi uchrashuv 2022-yildan beri ikki davlat o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralardir. U taxminan bir yarim soat davom etgan. Dastlab, muzokaralar davom etishi mumkinligi aytilgan bo‘lsa-da, keyin bu muzokaralar to‘xtatilgani haqida xabar berildi.
Ukraina tashqi ishlar vazirligi vakili esa Rossiyaning talablarini “noreal” deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva tomonidan qo‘yilgan shartlar Ukraina hududidan butunlay chiqib ketishni o‘z ichiga olgan va bunday shartlar Ukraina uchun qabul qilib bo‘lmaydigan bo‘lib qolmoqda.
Zelenskiy esa Turkiyada faqatgina Putinning o‘zi bilan yuzma-yuz muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan. 15-may kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuvga Putinning o‘zi kelmagan, u Medinskiy boshchiligidagi delegatsiyani yuborgan. O‘z navbatida, Zelenskiy ham Ukraina delegatsiyasini Umerov boshqarishiga qaror qilgan.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio esa, ehtimoliy kelishuvga faqat Tramp va Putinning yuzma-yuz uchrashuvi orqali erishilishi mumkin, deb hisoblaganini bildirdi. Biroq, Tramp muzokaralarda qatnashishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, Putin bilan muzokara boshlanganidan so‘ng uchrashishga tayyor ekanini bildirgan.