O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘i asosida haydovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, yo‘llarda harakatlanishni soddalashtirish hamda aholining takliflarini inobatga olgan holda Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-iyundan boshlab, avtomobil yo‘llaridagi ayrim chiziqlarni bosib o‘tish holatlari avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali aniqlanmaydi.
Bundan faqat to‘xtash chizig‘i — “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) mustasno bo‘ladi. Ya’ni, haydovchi oddiy yo‘l chizig‘ini bosib o‘tganda, bu holat radar yoki kameralar orqali qayd etilmaydi va avtomatik ravishda jarima yozilmaydi.
Shu bilan birga, bunday holatni YPX xodimlari aniqlasa, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasman rasmiylashtiriladi.
Mazkur qaror aholi murojaatlari va takliflarini inobatga olgan holda, haydovchilarning kundalik harakatidagi eng ko‘p uchraydigan noqulayliklarni kamaytirish maqsadida qabul qilingan.