Joriy yilning 15-may kuni Buxoro shahridagi Markaziy bozor oldida fojiali yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda video tarqaldi.
Buxoro viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa haqida Tez tibbiy yordam xizmati 102 raqami orqali xabar bergan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, H.I. ismli haydovchi boshqaruvidagi “XSMG XE60V” rusumli ekskavator bilan Ibn Sino ko‘chasida harakatlanayotgan boʻlgan. Shu vaqtda piyodalar yo‘li bo‘lmagan hududda yo‘lni kesib o‘tayotgan 1961-yilda tug‘ilgan ayolni ko‘rmay qolgan va bosib ketgan.
Natijada ayol voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (o‘limga sabab bo‘lgan transport vositasini boshqarish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra holatga huquqiy baho beriladi va qonuniy choralar ko‘riladi, deya xabar berdi viloyat IIB.