Apple kompaniyasi avtomobil ichidagi texnologiyalar sohasida navbatdagi muhim qadamni tashladi. 2025-yilning may oyida kompaniya CarPlay Ultra nomli yangi avlod avtomobil interfeys tizimini rasman ishga tushirdi.
U hozirda AQSh va Kanadadagi yangi “Aston Martin” avtomobillari bilan birga taqdim etilmoqda va yaqin haftalarda mavjud modellarga ham dasturiy yangilanish orqali yetkaziladi.
CarPlay Ultra — bu klassik CarPlay tizimining kengaytirilgan shakli bo‘lib, Apple mahsulotlari va avtomobil tizimlari o‘rtasida yanada chuqur integratsiyani ta’minlaydi. U haydovchining barcha ekranlariga, jumladan asboblar paneliga, real vaqt rejimida xaritalar, musiqa, shina bosimi, dvigatel harorati va boshqa ko‘plab ma’lumotlarni uzatadi. Tizim orqali haydovchi iPhone’dagi barcha asosiy ilovalar va funksiyalarga avtomobil ichida qulay va xavfsiz tarzda kira oladi.
Apple kompaniyasining Butunjahon mahsulot marketingi bo‘yicha vitse-prezidenti Bob Borchersning so‘zlariga ko‘ra, CarPlay Ultra haydovchilarga yanada aqlli, xavfsiz va moslashtirilgan tajriba taqdim etadi.
“iPhone foydalanuvchilari CarPlay’ni sevishadi. CarPlay Ultra esa undan ham chuqurroq integratsiya va avtomobil ichida yaxlit tajriba taqdim etadi,” — dedi Borchers. — “Aston Martin” bilan hamkorlikda bu tizimni ishga tushirayotganimizdan faxrlanamiz. Bu hali boshlanishi, tez orada boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar ham qo‘shiladi.”
Haqiqatan ham, Apple rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, “Hyundai”, “Kia” va “Genesis” kabi mashhur avtomobil brendlari ham CarPlay Ultra’ni o‘z transport vositalariga integratsiya qilish ustida ishlamoqda. Kompaniya 12 oy ichida tizim global miqyosda keng joriy qilinishini rejalashtirgan.
Tizimning muhim afzalliklaridan biri — u avtomobil ishlab chiqaruvchining dizayn falsafasiga moslashtiriladi. Apple va har bir avtomobil brendi dizaynerlari birgalikda maxsus mavzular ishlab chiqadi, foydalanuvchi esa fon rasmi va rang sxemalarini shaxsiy didiga moslab o‘zgartira oladi. Interfeys orqali nafaqat media va navigatsiya, balki radio, iqlim boshqaruvi, avtomobilning maxsus sozlamalari va hatto xavfsizlik tizimlariga ham kirish mumkin.
CarPlay Ultra faqat iOS 18.5 yoki undan yuqori versiyada ishlovchi iPhone 12 va undan yangi modellarda ishlaydi. Dasturiy yangilanish esa Aston Martin dilerlik markazlari orqali amalga oshiriladi.
Aston Martin bosh direktori Adrian Hallmark bu hamkorlikni “mijozlarga dunyo darajasidagi tajribani taqdim etish yo‘lidagi muhim qadam” sifatida baholadi:
“CarPlay Ultra bizning o‘z infotainment tizimimizga mukammal qo‘shimcha bo‘ladi,” — dedi u. — “Bu bizning texnologiyalarni yetakchi kompaniyalar bilan birgalikda rivojlantirish borasidagi sadoqatimizni namoyon etadi.”
Apple’ning yangi tizimi avtomobil sanoatida raqobatni kuchaytirishi kutilmoqda. Boshqa texnologik kompaniyalar ham o‘zining avtomobil ichidagi tizimlari ustida ishlayotgan bir paytda, Apple bu sohada o‘z pozitsiyasini mustahkamlashni davom ettirmoqda.