Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Jahon

Netanyahu: “HAMAS” yoʻq boʻlmaguncha, urush toʻxtamaydi

Gulhayo Naimova 15.05.20253 daqiqa o'qiladi
Pochta :38

Kecha, 14-may kuni Isroil harbiy kuchlari G‘azo sektorining shimoliy va janubiy hududlariga aviazarbalar uyushtirdi.

Gʻazo sog‘liqni saqlash idorasi va mahalliy kasalxonalarning ma’lumot berishicha, so‘nggi havo hujumlari oqibatida kamida 70 nafar fuqaro halok bo‘ldi. Ular orasida 22 nafar bola ham borligi aytilmoqda.

Halokatli zarbalarning katta qismi G‘azoning shimoliy qismida joylashgan Jabaliya hududida sodir bo‘ldi. Faqatgina shu hududda 50 nafar tinch aholi vakillari, jumladan 22 nafar bola vafot etgani tasdiqlandi. Qutqaruvchilar qulab tushgan binolar ostidan jasadlarni olib chiqish uchun oddiy qo‘l asboblari va telefon chiroqlaridan foydalanishmoqda.

Isroil harbiylari Jabaliya aholisini kechqurun evakuatsiyaga chaqirib, bu hududda HAMASga tegishli harbiy inshootlar va raketa uchirish moslamalari joylashganini bildirgan. Biroq bu ogohlantirishlar amalda ko‘plab tinch aholining hayotini saqlab qola olmadi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu seshanba kuni bergan bayonotida, Isroil armiyasi “yaqin kunlarda” G‘azoga kuchli hujum uyushtirishini aytgan.

“Biz topshirilgan vazifani oxirigacha bajarish uchun G‘azoga katta kuch bilan kiramiz. Bu — HAMASni butunlay yo‘q qilishni anglatadi”, — dedi u.

Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, Isroil HAMASni to‘liq yo‘q qilmaguncha urushni to‘xtatmaydi. Bu bayonot xalqaro hamjamiyat, ayniqsa, tinchlik va gumanitar yordam kutayotgan falastinliklar uchun umidlarni so‘ndirdi.

Havo hujumlari HAMAS tomonidan bir nafar Isroil-Amerika fuqarosining garovdan ozod etilishi ortidan amalga oshirilgan. Ayrimlar bu harakatni sulh uchun ijobiy ishora deb qabul qilgan edi. Shu bilan birga, AQSh Prezidenti Donald Tramp Fors ko‘rfazi mamlakatlariga safari doirasida Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi. Uning tashrifi Yaqin Sharqda sulh yoki gumanitar yordamning qayta tiklanishiga umid uyg‘otgan edi, biroq Isroil pozitsiyasi bu umidlarni puchga chiqardi.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi ziddiyat 2023-yilda HAMAS jangarilarining janubiy Isroilga bostirib kirishi va 1 200 kishining o‘limi bilan boshlangan. Javoban Isroilning olib borgan harbiy amaliyotlari hozirgacha G‘azoda 52 928 nafardan ortiq falastinlikni hayotdan olib ketdi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning ko‘pi ayollar va bolalar ekanini ma’lum qilmoqda. Mart oyida buzilgan sulhdan beri esa 3 000 ga yaqin yangi qurbonlar ro‘yxatga olingan.

Isroil matbuoti Jabaliyadagi zarbalardan biri HAMASning harbiy yetakchilaridan biri — Muhammad Sinvarni nishonga olganini xabar qildi. U o‘tgan yili Isroil tomonidan o‘ldirilgan HAMAS yetakchisi Yahiya Sinvarning ukasi hisoblanadi. Sinvarlarning oilasi Isroilning ko‘p yillik asosiy nishonlaridan biridir. Rasmiylarga ko‘ra, nishonga olingan obyekt Yevropa kasalxonasi ostidagi “boshqaruv markazi” bo‘lgan.

Zarba oqibatida kasalxonaning ichki kommunikatsiya tizimlari — suv, kanalizatsiya va hovli hududi jiddiy shikastlangan. Natijada, tez yordam mashinalari hududga kira olmayapti, operatsion bo‘limlar faoliyati to‘xtatilgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroilning G‘azoga gumanitar yordamni to‘sib qo‘yganini keskin qoraladi:

“Netanyahu hukumati bugun qilayotgan ish — mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan harakat. Dori yo‘q, shifokorlar kira olmayapti, yaradorlar chiqarilmayapti. Bu — insoniyatga nisbatan tahqir,” — dedi Makron Fransiyaning TF1 telekanalida.

Makron, shuningdek, G‘azo chegaralarini yordam karvonlari uchun ochishni talab qilib, HAMASni qurolsizlantirish va siyosiy yechim yaratishga chaqirdi. Netanyahu esa bu tanqidlarni “ekstremistlarning targ‘ibotini takrorlash” deb rad etdi.

BMTga ko‘ra, G‘azo aholisi ocharchilik xavfiga juda yaqin turibdi. Aholining yarmi ocharchilikka yuz tutgan, yana bir million kishi kunlik ovqatga zo‘rg‘a erishmoqda.

Xayriya oshxonalari — G‘aza aholisining so‘nggi najoti, ular ham kundan kunga yopilmoqda. Aprel oyida bu kabi oshxonalar kuniga 1 million ovqat tarqatayotgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 260 000 tagacha tushgan. May oyining dastlabki ikki haftasida 112 ta oshxona yopilgan, faqat 68 tasi faoliyat yuritmoqda.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda ular og‘ir holatdagi faqat 500 bolani davolash uchun dori-darmon zaxirasiga ega. Bu esa ehtiyojning juda kichik qismini qamrab oladi.

 

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *