NASA olimlari Yerdan 40 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan yangi sayyorani aniqladi. “Gliese 12 b” deb nomlangan ushbu sayyora, o‘lchami, yulduziga bo‘lgan yaqinligi va nisbatan tinch yulduz atrofida aylanishi bilan e’tiborni tortmoqda.
Mutaxassislar uni inson yashashi mumkin bo‘lgan eng istiqbolli sayyoralardan biri sifatida ko‘rmoqda.
So‘nggi yillarda astronomlar diqqatini “M sinfi”dagi qizil mitti yulduzlarga qaratishmoqda. Bunday yulduzlar Quyoshga qaraganda kichikroq va kamroq yorug‘lik tarqatadi. Ammo aynan shuning hisobiga ularning atrofidan o‘tayotgan sayyoralarni aniqlash osonroq bo‘ladi. “Gliese 12 b” aynan shunday yulduz — “Gliese 12” — atrofida aylanadi.
NASA’ga ko‘ra, bu yulduz Quyoshdan 73 foiz kichik va sirt harorati ham quyoshnikidan ancha past. Yangi aniqlangan sayyora esa Yer bilan teng yoki biroz kichikroq o‘lchamda bo‘lib, yulduz atrofida atigi 12,8 kunda to‘liq bir aylanishni tugatadi. Yer Quyosh atrofida 365 kunda aylanishini hisobga olsak, bu juda tez aylanish degani.
Tokio shahrida joylashgan Astrobiologiya markazi professori Masayuki Kuzuhara “Gliese 12 b” ni “ekzo-Venera” deb atadi. Unga ko‘ra, bu sayyora hajmi va yulduzidan olayotgan energiyasi jihatidan bizning Veneramizga o‘xshaydi. Agar bu sayyora atmosferaga ega bo‘lsa, unda suyuq suv mavjud bo‘lishi mumkin — bu esa hayot uchun asosiy shartlardan biridir.
NASA’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar atmosfera bo‘lmasa, sayyora yuzasi harorati 107 daraja Farangeyt (taxminan 42 daraja Selsiy) atrofida bo‘ladi. Biroq agar atmosfera mavjud bo‘lsa, bu ko‘rsatkich ancha yumshashi mumkin.
“Gliese 12 b” ning aniqlanishi kichikroq va xira yulduzlar atrofida joylashgan sayyoralarni topishda qanday katta sabr va aniqlik kerak bo‘lishini ko‘rsatdi. Yerga o‘xshash sayyoralarni aniqlash oson emas. Shunga qaramay, qizil mitti yulduzlar ustida olib borilayotgan izlanishlar yangi sayyoralarni topishga olib kelmoqda.
NASA Goddard Kosmik Markazi tadqiqotchisi Maykl Makkelueyn bu borada shunday deydi:
“Yashashga yaroqli sharoitlarga ega Yerga o‘xshash sayyoralarni topish uchun bizga Gliese 12 b kabi yana ko‘plab misollar kerak. Chunki ularning atmosferasi va evolyutsiyasi haqida ko‘proq bilishimiz kerak.”
Sayyoraning haqiqiy imkoniyatlarini aniqlash uchun endi eng muhim savol — unda atmosfera bormi yoki yo‘qmi?
Yerda joylashgan kuzatuv stansiyalari va orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlar yordamida olimlar “Gliese 12 b” atrofida gazlar mavjudmi, ular sayyorani tark etmayaptimi — buni o‘rganishmoqda. Atmosferaning mavjudligi suyuq suvni saqlab qolish, issiqlikni muvozanatlashtirish va hayot uchun zarur muhitni yaratishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Qizil mitti yulduzlar kichik va salqin bo‘lganligi sababli ularning atrofidagi sayyoralarni aniqlash nisbatan osonroq. Ular kuchli yorug‘lik tarqatmaydi, bu esa teleskoplar uchun to‘siqlarni kamaytiradi. Aynan shuning uchun “Gliese 12 b” — real vaqt rejimida harorat, o‘lcham va yulduzga bo‘lgan masofani o‘rganish uchun laboratoriyaga aylandi.
Hozircha bu sayyorada hayot borligi haqida hech qanday aniq dalil yo‘q. Ammo u toshli sayyoralar qizil mitti yulduzga juda yaqin bo‘lsa ham, atmosfera saqlab qola oladimi — degan savolga javob berishga xizmat qilishi mumkin.
“Gliese 12 b” bugungi kunda kashf etilgan eng istiqbolli ekzosayyoralar qatoriga kiradi. U hayot izlashda navbatdagi qadam bo‘lib, olimlarga Yerdan tashqaridagi hayot sharoitlari haqida yanada chuqurroq ma’lumot olish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, insoniyat o‘ziga o‘xshash yangi dunyolarni topishga qanchalik yaqinlashganini ham ko‘rsatmoqda.