2025-yil 1-maydan O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalarga beriladigan bolalar nafaqasi va moddiy yordamni olish qoidalari o‘zgartirildi.
Endilikda nafaqa miqdori faqat daromadga emas, balki oilaning ijtimoiy majburiyatlarni bajaryotganiga qarab ham belgilanadi. Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-fevraldagi 125-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan ko‘mak choralarini ko‘rsatish uchun ijtimoiy shartnoma tuzish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida joriy etilgan.
Ushbu Nizomga ko‘ra, ijtimoiy shartnoma imzolagan kam ta’minlangan oila quyidagi majburiyatlarni bajarishi shart:
— Mehnatga layoqatli a’zolarning bandligini ta’minlash;
— Farzandlarning maktabda darslarga muntazam qatnashishini ta’minlash;
— Uy-joyning sanitariya holatini talab darajasida saqlash;
— Tomorqadan oqilona foydalanish (masalan, ekin ekish);
— Davlat tomonidan ajratilgan moddiy-texnik vositalardan belgilangan maqsadda foydalanish.
Agar ushbu majburiyatlar bajarilmasa, mahalla “yettiligi” (mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori va boshqa mas’ullar) qaroriga asosan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 30 foizgacha kamaytirilishi mumkin.
Nizomda ta’kidlanishicha, har bir mehnatga layoqatli oila a’zosi uchun individual reja shakllantiriladi va shu asosida unga ko‘rsatiladigan yordam nazorat qilinadi. Ushbu yondashuv orqali nafaqat yordam samaradorligi oshadi, balki oilalarning mas’uliyati ham mustahkamlanadi.
Yangi tartib ijtimoiy yordam olayotgan oilalarning bolalarini ta’limga jalb qilish, yashash sharoitlarini yaxshilash va mehnatga jalb etilmaganlarni band qilishga qaratilgan.