O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP) o‘zini parlamentdagi rasmiy muxolifat deb e’lon qildi. Bu haqda partiya 13 may kuni tarqatgan bayonotda ma’lum qilindi.
XDP bayonotida aytilishicha, Oliy Majlisdagi ko‘pchilik — “Taraqqiyot bloki” tuzish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Partiya ushbu blok tashkil etilishiga qarshi emasligini bildirgan, biroq uning ustuvor vazifalari, hukumat dasturi va ayrim siyosiy yo‘nalishlariga qo‘shilmasligini ta’kidlagan.
Fraksiya o‘z e’tirozlarini quyidagi masalalar orqali asoslagan:
— iqtisodiyotda davlat ishtiroki va strategik kompaniyalar ustidan nazoratni saqlashga yetarlicha e’tibor berilmayotgani hamda ularning xususiylashtirilishini qonuniy jihatdan cheklovchi normalar mavjud emasligi;
— pensiya tizimini to‘liq bozor mexanizmlari asosida boshqarishga o‘tish zaruriyati;
— ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun kommunal to‘lovlar bo‘yicha aniq va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash strategiyasining ishlab chiqilmagani;
— ulushdorlar huquqlarini kafolatlaydigan tizim yo‘qligi bois, uy-joy qurilishida fuqarolarning manfaatlari himoyasiz qolayotgani;
— aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimi hamon joriy etilmagani, xususan boylik solig‘i yoki qimmatbaho mol-mulk uchun qo‘shimcha soliqlar amalda yo‘qligi;
— farmatsevtika sohasida davlat nazorati kuchsizligi, dori vositalari uchun maksimal narxlar belgilanmaganligi va dorilar reklamasiga cheklovlar mavjud emasligi.
Partiya bu masalalarni o‘z elektorati manfaatlariga zid, deb hisoblamoqda.