Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi dushanba kuni AQSh vositachiligida Hindiston va Pokiston o‘rtasida erishilgan sulhga oid ilk bayonotini berdi. Unga ko‘ra, Hindiston harbiy harakatlarni faqat vaqtincha to‘xtatgan va agar mamlakatga yana terrorchilik hujumi sodir etilsa, o‘ziga xos tarzda javob qaytaradi.
Modining bu fikrlari Hindiston va Pokiston chegarasidagi kuchli harbiylashtirilgan hududda ilk bor otishma qayd etilmagan tinch kechadan so‘ng bildirildi. Bu so‘nggi haftalarda ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik fonida sodir bo‘ldi.
Nuklear qurollarga ega ikki qo‘shni o‘rtasidagi to‘qnashuvlar o‘tgan oy Hindiston nazoratidagi Kashmirda sodir etilgan va 26 nafar, asosan hindistonlik hindu sayyohlarning o‘limiga sabab bo‘lgan hujum ortidan kuchaygan edi. Hindiston Pokistonni hujumni uyushtirgan jangarilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan, Islomobod esa buni rad etgan.
“Terrorizm va muzokaralar yonma-yon yurmaydi. Terrorizm va savdo ham”, — dedi Modi millatga qilgan murojaatida. U xalqaro hamjamiyatning muzokaraga chaqiruvlariga javoban, Hindiston Pokiston bilan faqat terrorizm va Pokiston nazoratidagi Kashmir haqida gaplashishini ta’kidladi.
Modi AQSh Prezidenti Donald Trampning vositachilik taklifini ochiqchasiga tan olmadi. Shanba kuni Hindiston va Pokiston harbiy harakatlarni — quruqlikda, havoda va dengizda — to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif esa o‘z bayonotida mamlakat sulhga “tinchlik ruhi”da rozi bo‘lganini aytdi, biroq mamlakat suvereniteti va hududiy daxlsizligiga tahdid bo‘lsa, bunga javob qaytarilishini ta’kidladi.
Dushanba kuni ikki mamlakat harbiylari aloqa liniyasi orqali muloqot qilib, sulhga amal qilinayotganini va uni qanday saqlab qolish masalasini muhokama qildi. Hindiston armiyasi har ikki tomon “bitta ham o‘q uzmaslik” va agressiv harakatlardan tiyilish majburiyatini tasdiqlaganini bildirdi.
Shuningdek, chegaradagi qo‘shinlar sonini kamaytirish choralari muhokama qilindi.
Tunda Jammu va Kashmir hamda boshqa chegaradosh hududlarda tinchlik saqlangan, hech qanday voqea qayd etilmagan. Pokiston nazoratidagi Kashmirda ham otishmalar to‘xtagan, so‘nggi to‘qnashuvlar sababli evakuatsiya qilingan aholi uylariga qaytishni boshlagan.
Pokiston armiyasi vakili general-leytenant Ahmad Sharif yakshanba kuni Pokiston sulhga sodiq qolishini, lekin uni buzishda birinchi bo‘lmasligini ta’kidladi.
Sulh e’lon qilingach, Pokiston barcha aeroportlarini ochdi va aviaqatnovlarni tikladi. Hindiston ham dushanba kuni shimoliy va g‘arbiy hududlarida vaqtincha yopilgan 32 ta aeroportni qayta ishga tushirdi.
O‘tgan hafta ikki davlat o‘rtasida so‘nggi o‘n yilliklardagi eng jiddiy harbiy qarama-qarshilik yuz berdi. Hindiston Pokiston hududida jangarilarga tegishli obyektlarga zarba berganini e’lon qildi.
Hindiston armiyasi rasmiylari haftaning oxirida bergan bayonotida zarbalar natijasida Pokiston hududida 100 dan ortiq jangarilar, jumladan, Lashkar-e-Toiba guruhi yetakchilari oʻldirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, 9 ta tayyorgarlik markazi yo‘q qilingan, 35–40 nafar Pokiston askari halok bo‘lgan, 5 nafar Hindiston askari ham qurbon bo‘lgan.
Pokiston tomoni bu da’volarni rad etib, o‘z navbatida 40–50 nafar hind askarini o‘ldirganini, 5 ta hind samolyotini urib tushirganini va Hindiston ichkarisida 26 ta harbiy nishonni yo‘q qilganini bildirdi.
Hindiston havo kuchlari rahbari, aviatsiya bosh marshalli AK Bharti matbuot anjumanida “kichik zararlar bo‘lishiga qaramay, barcha harbiy bazalar va havo mudofaa tizimlari to‘liq ishga tayyor” ekanini aytdi. U shuningdek, Hindistonning kurashi “terroristlarga qarshi” olib borilayotganini, Pokiston armiyasi yoki aholisi nishon emasligini ta’kidladi.