Polsha hukumati 2024-yil bahorida Varshavaning shimolidagi Maryvilska 44 savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘inni Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilgan “rejalashtirilgan sabotaj” deb atadi va javoban Rossiyaning Krakovdagi konsulligini yopishga qaror qildi.
Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorski 2025-yil 12-may kuni bergan bayonotida, “Rossiyaning yong‘in bilan bog‘liq bevosita aloqasini ko‘rsatuvchi dalillar mavjud”, deya konsullik faoliyatining to‘xtatilishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Rossiyada joylashgan shaxs tomonidan boshqarilgan va hujjatlashtirilgan ushbu hujum ortida Rossiya maxsus xizmatlari turgani aniqlangan.
Bosh vazir Donald Tusk esa o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “jinoyatchilarning bir qismi allaqachon qo‘lga olingani, qolganlari aniqlanib, qidiruvga berilgani”ni ma’lum qildi.
2024-yil 12-mayda sodir bo‘lgan yong‘in Varshavadagi eng yirik savdo markazlaridan birini butunlay vayron qildi. Yong‘in 60 ming kvadrat metr maydonni qamrab olib, 1400 dan ortiq do‘kon va xizmat ko‘rsatish nuqtalariga jiddiy zarar yetkazdi. Ko‘plab tadbirkorlar, jumladan Vetnam diasporasiga mansub ishbilarmonlar o‘z bizneslaridan ayrildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu qarorni “ikki tomonlama aloqalarga zarar yetkazuvchi navbatdagi harakat” deb baholadi va “adekvat javob” berilishini ma’lum qildi. Rasmiy vakil Mariya Zaxarova “Varshava ongli ravishda munosabatlarni barbod qilmoqda”, deya izoh berdi.
Polsha hukumati Rossiya tomonining bu kabi harakatlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rishga tayyorligini bildirib, zarurat tug‘ilsa, diplomatik bosimni kuchaytirishini ham istisno etmadi.
Hodisaga NATO a’zolari ham munosabat bildirib, Rossiyaning Yevropadagi yashirin sabotaj faoliyatiga qarshi birgalikda choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlamoqda.