Bugun Sudyalar oliy kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Bosh prokuror tomonidan taqdim qilingan materiallar asosida Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahri sudi raisi Yu. E.ning jinoyiy javobgarlikka tortilishi masalasi ko‘rib chiqildi.
Muqaddam berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Yu. E. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (hujjatlarni soxtalashtirish) bilan ayblanmoqda. Sudyalar oliy kengashi taqdimnomani muhokama qilgan holda, uni jinoyiy javobgarlikka tortishga rozilik berdi va sudyalik vakolatini to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Tergov tafsilotlari oshkor etilmaydi
Mazkur holat yuzasidan tergov sirlarini va aybsizlik prezumptsiyasi talablarini hisobga olgan holda, boshqa tafsilotlar jamoatchilikka e’lon qilinmaydi.
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ba’zi xabarlar asossiz bo‘lib, bo‘rttirilgan shaklda taqdim etilmoqda. Barcha holatlarga tergov tartibida aniqlik kiritiladi.