Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

O'zbekiston

Onlayn erkinlik va xavfsizlik: O‘zbekistonda yangi qonun loyihasi muhokamada

Nilufar Qobilova 12.05.20252 daqiqa o'qiladi
Pochta :13

O‘zbekistonda internet va ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan millionlab foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida “Onlayn platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur loyihada foydalanuvchilarning axborot olish, fikr bildirish va xavfsiz internetdan foydalanish huquqlarini qonuniy asosda himoya qilish nazarda tutilgan.

2025 yilga kelib, O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 32,7 millionga yetdi. Mamlakat aholisining asosiy qismi “Telegram” (28 mln), “Odnoklassniki” (19,2 mln), “Facebook” (2,3 mln), “VK” (1,5 mln) va boshqa platformalarda faol.

Biroq, mavjud qonunchilikda foydalanuvchilarning huquqlari va majburiyatlariga oid aniq va tizimli normalar yetishmaydi. Bu esa axborot tarqatish jarayonida muammolar va huquqiy bo‘shliqlarga sabab bo‘lmoqda.

Yangi hujjat nimalarni o‘z ichiga oladi?

Qonun loyihasi xalqaro amaliyot, xususan, Yevropa Ittifoqining “Raqamli xizmatlar to‘g‘risida”gi qonuni, Germaniya, Fransiya, Turkiya va Qozog‘iston tajribalarini hisobga olgan.

Asosiy yo‘nalishlar quyidagilar:

  • Qonuniylik: Har qanday onlayn faoliyat faqat qonun doirasida amalga oshiriladi.

  • Foydalanuvchilar huquqlari ustuvorligi: Ochiq axborot olish va fikr bildirish huquqi kafolatlanadi.

  • Senzura taqiqlanadi: Taqiqlanmagan kontentga nisbatan erkinlik ta’minlanadi.

  • Shaffoflik va xavfsizlik: Noqonuniy kontentga qarshi kurash va shaxsiy ma’lumotlar himoyasi mustahkamlanadi.

Bloklash emas, tezlikni pasaytirish

Muhim jihatlardan biri — endilikda hamkorlik qilmayotgan platformalarni butunlay bloklash amaliyoti to‘xtatiladi. Buning o‘rniga, sud qarori asosida kirish tezligi pasaytiriladi. Bu esa biznes va foydalanuvchilar manfaatlari balansini saqlashga qaratilgan.

Blogerlar va anonim akkauntlar masalasi

Hujjatda amaldagi qonunchilikda blogerlar uchun belgilangan bajarilishi qiyin majburiyatlar qayta ko‘rib chiqildi. Anonim akkauntlar, feyk kanallar va guruhlarga qarshi zamonaviy kurash usullari taklif etilgan.

Kiberjinoyatlarga, jumladan, phishing va spam resurslarga qarshi kurash ham qonun loyihasida alohida bo‘lim sifatida belgilandi.

Yangi qonun loyihasi doirasida yangi jazolar yoki jarimalar belgilanmaydi. Majburiyatlarni bajarmaganlarga nisbatan faqat qonunchilikda ko‘rsatilgan huquqiy choralar ko‘riladi. Bu yondashuv o‘rinsiz sanksiyalar va senzura tahdidlarini kamaytirishga qaratilgan.

Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonda internet auditoriyasi jadal kengayib borayotgan bir paytda, foydalanuvchilar huquqiy himoyasini ta’minlash zamon talabi hisoblanadi. Bu nafaqat shaxsiy erkinliklarni himoya qilish, balki axborot makonida sog‘lom va adolatli muhit shakllanishiga xizmat qiladi.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *