Rossiya hukumati Qo‘shma Shtatlarga “Gazprom”dan gaz xarid qilib, uni Yevropa davlatlariga qayta sotishni taklif qilmoqda.
Reuters agentligining xabar berishicha, bu taklif Moskvaning Yevropa bilan uzilgan energetik aloqalarni aylanma yo‘l bilan tiklashga urinishlaridan biridir.
Mazkur rejaga ko‘ra, AQSh Rossiyadan gaz sotib olib, uni uchinchi tomon sifatida Yevropa mamlakatlariga yetkazadi. Bu sxema Yevropadagi siyosiy bosimni kamaytirish, AQShning mintaqadagi ta’sirini saqlab qolish va gaz hajmlarini nazorat qilish imkonini berishi mumkin.
2022-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng, Yevropa Rossiya gaziga bo‘lgan bog‘liqlikni keskin kamaytirdi. Rossiyaning bozordagi ulushi 40 foizdan 19 foizgacha tushdi, “Gazprom” esa 2023-yilda 7 milliard dollarlik zarar ko‘rdi. Hozirda gaz faqat “Turk oqimi” orqali yoki suyultirilgan shaklda yetkazib berilmoqda.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarda AQSh tomonidan maxsus vakil Stiv Uitkoff, Rossiya tomonidan esa prezident Vladimir Putinning vakili Kirill Dmitriyev ishtirok etmoqda. Rasmiy izohlar berilmagan bo‘lsa-da, tomonlar Rossiya gazining Yevropaga qayta kirishini muhokama qilmoqda.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Yevropada hali ham Rossiya gazini sotib olishga tayyor Vengriya, Slovakiya, Belgiya, Fransiya, Niderlandiya va Ispaniya kabi davlatlar bor. Biroq Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bu taklifga qarshi chiqib, 2025-yildan boshlab Rossiya bilan yangi gaz shartnomalarini taqiqlash va 2027-yilgacha importni to‘liq to‘xtatishni rejalashtirmoqda.
Shunga qaramay, Rossiya narxlarni tushirish va qisqa muddatli kontraktlarni taklif etishga tayyorligini bildirgan.
Moskva va Vashington o‘rtasidagi muzokaralar Rossiya gazining Yevropaga qaytishi yana dolzarb masala ekanini ko‘rsatmoqda.