AQSh prezidenti Donald Trampning may oyida Saudiya Arabistoniga rejalashtirilgan safari doirasida o‘tkaziladigan AQSh-Ko‘rfaz sammiti arafasida, Falastin davlatini tan olish haqidagi ehtimoliy e’lon haqida spekulyatsiyalar ortmoqda.
Saudiya Arabistoni mezbonlik qilayotgan sammit — Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida mintaqaga ilk rasmiy tashrifi bo‘lib, 2017-yilda Riyodda o‘tkazilgan yirik sammitning davomchisi sifatida qaralayapti.
Trampning Kanadadagi bosh vazir Jastin Tryudo bilan Vashingtondagi uchrashuvi chog‘ida “juda muhim e’lon” bo‘lishini aytgan bayonoti ushbu sammit atrofidagi taxminlarni yanada kuchaytirdi.
Falastin e’tirofi: haqiqatmi yoki siyosiy signal?
Ismi oshkor etilmagan ko‘rfazlik diplomatning “The Media Line” nashriga ma’lum qilishicha, Tramp Hamas ishtirokisiz mustaqil Falastin davlatini tan olishini e’lon qilishi mumkin. Unga ko‘ra, bu qadam mintaqadagi kuchlar muvozanatini tubdan o‘zgartiradi va “Abraham kelishuvi”ga boshqa davlatlar qo‘shilishini rag‘batlantirishi mumkin.
Ammo ayrim tahlilchilar bu fikrga shubha bilan qaramoqda. Sobiq diplomat Ahmad al-Ibrohimning aytishicha, Misr prezidenti Abdulfattoh al-Sisi va Iordaniya qiroli Abdulla II sammitga taklif etilmagan, bu esa Falastin bilan bog‘liq muhim e’lon ehtimolini susaytiradi.
Sammitdan katta iqtisodiy va harbiy bitimlar kutilmoqda. Tramp Saudiya va BAA’ni o‘z sarmoyalari evaziga AQSh iqtisodiyotiga turtki beruvchi strategik sheriklar sifatida qayta belgilamoqda.
-
Saudiya Arabistoni 2017-yilda Tramp bilan 400 milliard dollarlik bitimga erishgan edi.
-
BAA AQShga 1 trillion dollardan ortiq sarmoya yo‘naltirishini e’lon qilgan.
-
Tramp sammit arafasida amerikaliklarga “sarmoya kiritishga shoshiling” deb da’vat qilgan.
Saudiya siyosiy tahlilchisi Ahmad Boushouki fikricha, bu safar ham asosiy e’tibor iqtisodiy hamkorlikka qaratiladi, jumladan:
-
Sun’iy intellekt va texnologiyalar bo‘yicha bitimlar
-
Harbiy yetkazib berish va xavfsizlik bo‘yicha kelishuvlar
-
Tinch atom energetikasi bo‘yicha AQSh-Saudiya hamkorligi
Saudiya 2010-yildan buyon o‘zining ilk yadroviy reaktorini qurish loyihasini ilgari surib kelmoqda. Ayni damda bir nechta xalqaro kompaniyalar bu borada tenderda ishtirok etmoqda.
Ushbu sohada mintaqadagi yagona faol loyiha — BAAdagi Baraka yadroviy stansiyasi bo‘lib, u to‘rt reaktorli yirik majmua sifatida Koreya kompaniyasi hamkorligida qurilgan.