Prezident Donald Tramp boshchiligidagi ma’muriyat AQSh Oliy sudiga murojaat qilib, to‘rt davlatdan kelgan yuz minglab muhojirlar uchun insonparvarlik asosida berilgan vaqtinchalik yashash huquqini bekor qilishga ruxsat so‘radi. Bu qaror amalga oshsa, 500 mingdan ortiq muhojir deportatsiya xavfi ostida qolishi mumkin.
Favqulodda shikoyatda Oliy suddan quyi instansiya sudi qarorini to‘xtatib turish so‘ralgan. Unga ko‘ra, Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesueladan kelgan fuqarolar vaqtinchalik huquqiy maqomda qolishda davom etmoqda.
Respublikachilar ma’muriyatining fikricha, bu qaror Ichki Xavfsizlik Departamentining vakolatlariga zid.
“Quyi instansiya sudi ma’muriyatning immigratsiyaga oid eng muhim qarorlaridan birini yo‘qqa chiqardi,” — dedi AQSh bosh prokurori vakili Jon Saur.
Boston shahridagi federal sudya Indira Talvani Tramp ma’muriyatining bu maqomni belgilangan muddatdan oldin bekor qilishini to‘xtatgan. Talvani — sobiq prezident Barak Obama tomonidan tayinlangan sudya. U aprel oyida chiqargan qarorida bu dastur ishtirokchilari “yurtni tark etish” yoki “hamma narsadan ayrilish” o‘rtasida og‘ir tanlovga duch kelayotganini aytgan. Shuningdek, hukumatning dasturni to‘xtatish sabablarini “qonunni noto‘g‘ri talqin qilish” deb baholagan.