Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Fan-texnika

Hayvonlarda inson a’zolarini yetishtirish – ilmiy kashfiyotmi yoki axloqiy xavf?

Gulhayo Naimova 09.05.20253 daqiqa o'qiladi
Pochta :15

Bugun dunyo bo‘ylab a’zolar yetishmovchiligi millionlab odamlar hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda. Faqat AQShning o‘zida 116 mingdan ortiq bemor donor a’zosi kutmoqda va har kuni 20 kishi kerakli a’zo topilmagani sababli hayotdan ko‘z yumadi. Shunday bir vaqtda, Stenford universiteti professori Hiromitsu Nakauchi inson a’zolarini hayvonlarda — masalan, qo‘y yoki cho‘chqalarda — yetishtirish orqali bu muammoni hal qilishni taklif qilmoqda.

So‘nggi yillarda ildiz hujayralar texnologiyasi sezilarli darajada rivojlandi. Bu orqali har bir inson uchun genetik jihatdan mos keluvchi a’zoni hayvon tanasida atigi bir necha oy ichida yetishtirish mumkin. Bu nafaqat donor tanqisligini hal qiladi, balki bemorlarni umr bo‘yi immunitetni bostiruvchi dorilardan xalos etadi.

Bundan tashqari, bu usul dori sinovlari, toksikologik tadqiqotlar va jarrohlik amaliyotlari uchun real, inson a’zolarini yaratishga imkon beradi. Hatto embrion rivojlanishining dastlabki bosqichlarini chuqurroq o‘rganish imkoniyati ham yuzaga keladi.

Ilm-fan bu g‘oyani tobora yaqinlashtirayotgan bo‘lsa-da, jamiyatda axloqiy va falsafiy savollar ko‘paymoqda:

— Hayvonga inson hujayralari kiritilsa, u insoniy xususiyatlarga ega bo‘lib qoladimi?
— Inson hujayralari hayvonning jinsiy tizimiga kirib, inson tuxum yoki urug‘ hujayrasi paydo qilmaydimi?
— Bunday “ximera”(ilmiy tajribada insonning ildiz hujayralarini hayvon embrioniga kiritish orqali yaratilgan hayvon-inson aralash organizm) yaratilsa, ularga nisbatan axloqiy majburiyatimiz qanday bo‘ladi?

Bu kabi xavotirlar tufayli 2015-yilda AQSh Milliy sog‘liqni saqlash institutlari (NIH) inson pluripotent (ko‘p turdagi to‘qimalarga aylanish qobiliyatiga ega)
ildiz hujayralarini hayvon embrionlariga kiritish bilan bog‘liq tadqiqotlarni moliyalashtirishni to‘xtatdi. Bu qaror aynan shu sohada tadqiqot olib borayotgan Nakauchining izlanishlariga to‘siq bo‘ldi.

Nakauchi bu boradagi izlanishlarini davom ettirish uchun Kaliforniya regenerativ tibbiyot instituti tomonidan ajratilgan 6 million dollarlik grant yordamida ishlashda davom etdi. U cho‘chqa, qo‘y, sichqon va kalamushlarda inson hujayralarini kiritish tajribalarini o‘tkazdi. Hatto sichqonlarda yetishtirilgan kalamush hujayralaridan iborat oshqozon osti bezi yordamida diabet kasalligini nazorat qilishga ham muvaffaq bo‘ldi.

Shu bilan birga, u yangi yondashuv — ixtisoslashgan (ya’ni aniq bir to‘qima yoki a’zoga aylanish bosqichidagi) hujayralar bilan ishlashni boshladi. Bu hujayralar embrionga kiritilganda nazoratsiz tarqalib ketmaydi, faqat maqsadli a’zoni shakllantiradi. Bu yondashuv axloqiy xavotirlarni kamaytirishi va NIH taqiqini chetlab o‘tishi mumkin.

Nakauchining aytishicha, bunday izlanishlar juda qimmat va barqaror moliyaviy manba bo‘lmasdan davom ettirish qiyin. U bunga jamoatchilikning yetarli darajada tushunmasligi ham sabab, deb hisoblaydi.

NIH vakillari ham shuni tan oladi: “Ximeralar juda muhim ilmiy vositalar, lekin odamlar orasida bu mavzuga nisbatan vahimali munosabat mavjud. Olimlar sifatida biz jamoatchilikka bu izlanishlarning mazmunini aniq va to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak,” deydi NIH vakili Kerri Volinetz.

Bioetika professori Genk Grili esa shunday deydi: “Axloqiy muhokamalar har doim muhim. Ammo tobora ko‘proq dalillar inson ildiz hujayralarini hayvonlarga kiritish orqali sog‘lom, funksional a’zolarni yaratish imkoniyatini tasdiqlamoqda — va bu, ko‘pchilik uchun axloqiy jihatdan qabul qilinadigan yo‘ldir.”

“Bugun dunyoda minglab odamlar donor a’zosi topilmagani sababli hayotdan erta ko‘z yummoqda. Biz esa bu muammoni hal qilishga yaqinmiz. Hayvon tanasida yetishtirilgan inson a’zolari bu bemorlar uchun najot bo‘lishi mumkin. Men hanuz qarshiliklarning nima sababdan davom etayotganini tushunmayman — biz shunchalik ko‘p odamlarga yordam bera olamiz-ku,” — deydi Nakauchi.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *