8-may kuni Pokiston va Hindiston harbiy-havo kuchlari o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuv so‘nggi yillarda kuzatilgan eng yirik havo jangi sifatida qayd etildi. Bu haqda CNN telekanali Pokistonlik rasmiylarga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, jangda jami 125 ta harbiy samolyot ishtirok etgan va to‘qnashuv bir soatdan ortiq davom etgan. Jang davomida Hindiston harbiy-havo kuchlariga tegishli 5 ta samolyot urib tushirilgani aytilmoqda. Biroq tomonlarning samolyotlari bir-birining havo hududiga kirmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jang davomida uchirilgan raketalar ba’zi hollarda 160 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan. Bu jangni harbiy aviatsiya tarixidagi eng uzoq masofali to‘qnashuvlardan biriga aylantirgan.
Pokistonlik manbalar ta’kidlashicha, bu safar tomonlar 2019-yildagi kichikroq havo jangi tajribasidan kelib chiqib ehtiyotkorlik bilan harakat qilgan. O‘sha vaqtda Hindiston piloti urib tushirilgan va Pokiston tomonidan efir orqali ko‘rsatilgach, keyinroq Hindistonga qaytarilgan edi.
Mazkur havo to‘qnashuvi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlashgan siyosiy muhitda yuz berdi. 22-aprel kuni Hindiston nazoratidagi Koshmir hududida qurollangan shaxslar tomonidan sayyohlar guruhiga hujum uyushtirilib, 20 dan ortiq inson halok bo‘lgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng, Hindiston hukumati Pokistonga nisbatan qator cheklov choralarini qo‘llagan, jumladan, viza berishni to‘xtatgan, Atteri chegara punktini yopgan va diplomatik vakillar sonini qisqartirgan.
Pokiston tomoni esa bunday choralarni “qonunbuzarlik” va ehtimoliy “harbiy tahdid” sifatida baholab, ijtimoiy tarmoqlarda urushga tayyorligini bildiruvchi bayonotlar bilan chiqdi. 7-maydan 8-mayga o‘tar kechasi esa Hindiston tomonidan raketa hujumi uyushtirilgani bildirilgan va unga javoban Pokiston ham qarshi zarbalar bergan.
Mojaroga xalqaro hamjamiyat ham befarq qolmadi. BMT, AQSh, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil tomonlarni murosaga chaqirgan bo‘lsa, O‘zbekiston ham rasmiy bayonot orqali Hindiston va Pokistonni vazminlikka, harbiy harakatlardan tiyilishga chaqirdi.