Prezident farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan O‘zbekistonda yangi ta’lim tashkilotlari faoliyatini boshlashi uchun ikki bosqichli tartib joriy etiladi. Yangi tizim ta’lim sifatini oshirish va tizimli nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.
O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 5-maydagi farmoniga asosan, “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan boshlab yangi tashkil etiladigan ta’lim tashkilotlari quyidagi ikki bosqichda faoliyatini yo‘lga qo‘yadi:
🔹 Birinchi bosqich – O‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim muassasalari belgilangan tartibda litsenziyalanadi. Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari esa xabardor qilish asosida tashkil etiladi.
🔹 Ikkinchi bosqich – Faoliyat boshlagan ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlari (kasblar, yo‘nalishlar, ixtisosliklar, kurslar) maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi. Akkreditatsiyadan o‘tmagan dasturlar asosida abituriyent qabul qilish qat’iyan man etiladi.
Mazkur talablarni buzish, ya’ni akkreditatsiyadan o‘tmagan dasturlar asosida qabulni amalga oshirish, litsenziya shartlarini qo‘pol buzish deb baholanadi. Bu holat ta’lim tashkiloti litsenziyasining bekor qilinishiga olib keladi.
Shuningdek, Prezident farmoniga muvofiq, “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” negizida Prezident Administratsiyasi huzurida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etiladi. Bu agentlik ta’lim sifati ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi.
2025/2026-o‘quv yilidan esa ta’limning sirtqi shakliga qabul to‘xtatiladi.