Toshkent shahrida deyarli har yili, qalin qor qoplagan paytda ko‘plab daraxtlarning qulab tushishi va aynan haydovchilarning avtomobillarga zarar yetishi bilan bog‘liq holatlar sodir bo‘ladi. Bunday paytlarda haydovchilarda bitta savol tug‘iladi: avtomobilimga yetkazilgan zarar qanday qoplanadi? “Daryo” nashri aynan shu savollarga javob olish maqsadida sug‘urta kompaniyasi vakillarini, masʼullarni savolga tutdi.
“Avvalo aholi va haydovchilar majburiy hamda ixtiyoriy sug‘urta turlari o‘rtasidagi farqni ajratib olishi lozim. Majburiy sug‘urta deganda nimani tushunamiz? Ko‘pchilik bu sug‘urtani YPX inspektori uchun deydi. Aslida unday emas, bu sug‘urta turi transport vositasi egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash deb yuritiladi. Fuqarolik javobgarlik deganda har bir insonning boshqa insonga nisbatan javobgarligi nazarda tutiladi. Haydovchilar transport vositasini boshqarayotganda boshqa odamlarga nisbatan ularning hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulkiga zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan holatlardan o‘zini ehtiyot qilish uchun aynan shu sug‘urta ishlatiladi. Yaʼni sodda qilib aytganda, yo‘l transport hodisasi yuzaga kelganda, siz haydovchi sifatida boshqa bir avtomobilga zarar yetkazib qo‘ysangiz, zararini sizning nomingizdan qoplab berish uchun ishlatiladi.
Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi direktorining maʼlum qilishicha, avtomobilga daraxt qulab tushishi oqibatida keltirilgan zarar ixtiyoriy sug‘urta bo‘lgandagina to‘liq qoplab beriladi. Bu miqdor belgilanmagan.
“Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasiga ko‘pincha daraxt qulab tushganda yoki rul boshqaruvni yo‘qotib, mashina o‘z yo‘nalishidan chiqib ketib, zarar yetkazilganda zararni qoplab bering degan murojaatlar bo‘ladi. Zarar bunday paytda ixtiyoriy sug‘urta mavjud bo‘lganda qoplab beriladi”, deydi masʼul.
Assistants xizmati direktori Afzal Mahmudovning aytishicha, O‘zbekistonda aksariyat haydovchilar majburiy va ixtiyoriy sug‘urta farqiga bormaydi.
“Yuqorida aytganingdek, bizda haydovchilar mashinasi ustiga daraxt qulab tushsa, majburiy sug‘urtasini ko‘rsatib, zararni qoplab berishni so‘rashadi. Vaholanki, bunday holatlarda mashinaga yetkazilgan zarar ixtiyoriy sug‘urta bo‘lsagina qoplab beriladi. Majburiy sug‘urtada bunday imkoniyat yo‘q”, deydi Assistants xizmati direktori Afzal Mahmudov.
Masʼullar bilan suhbatda O‘zbekistonda ayni kunda qimmatbaho avtomobillar soni ortib borayotgani, ularga yetkazilgan zararni majburiy sug‘urtaning yuqori miqdori — 14 million so‘mlik to‘lov bilan amalga oshirish imkoni yo‘qligida ham so‘z bordi.
“O‘tgan kuni bir tanishim YTHga uchradi. Qimmatbaho avtomobilni turtib qo‘ygan. Bizda majburiy sug‘urta puli 14 million so‘m bo‘lgani uchun qimmatbaho avtomobil pulini sug‘urta emas, tanishimning ishxonasi to‘laydigan bo‘ldi. Yaʼni majburiy sug‘urta ajratadigan pul o‘sha mashinaga yetkazilgan zararni qoplashga yetmadi”, deydi suhbatdoshlardan biri.
Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi direktori Yormat Mirzayev bunday muammolarni yechish uchun O‘zbekistondagi mavjud majburiy sug‘urta to‘lovini ko‘paytirishni, natijada majburiy sug‘urta puli miqdorini oshirish mumkinligini aytmoqda.
Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi direktori Yormat Mirzayev bunday muammolarni yechish uchun O‘zbekistondagi mavjud majburiy sug‘urta to‘lovini ko‘paytirishni, natijada majburiy sug‘urta puli miqdorini oshirish mumkinligini aytmoqda.
Masʼullar bilan bo‘lgan to‘liq suhbatni “Daryo”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ko‘rishingiz mumkin.