AQSH Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga bojxona tariflarini 245 foizgacha oshiradi. Bu haqda Oq uy 16-aprel kuni rasmiy bayonot bilan chiqdi. Bayonotda qayd etilishicha, Pekin AQSHga galliy, germaniy, surma va magnit kabi strategik materiallar eksportini to‘xtatgan. Tramp ma’muriyati bu harakatni milliy xavfsizlikka tahdid deb baholamoqda, chunki ushbu nodir metallar avtomobilsozlik, aviatsiya, yarimo‘tkazgichlar harbiy sanoat uchun katta ahamiyatga ega.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Donald Tramp 2-aprel kuni e’lon qilgan yangi savdo siyosatiga muvofiq bojxona tariflari qayta ko‘rib chiqilgan. Dastlab Xitoy mahsulotlariga 54 foiz boj joriy qilingan, keyin esa Pekinning qarshi choralariga javoban bu raqam bosqichma-bosqich 104, 124 va 145 foizgacha ko‘tarilgan. Shunga qaramay, agar Xitoy muzokara yuritish istagini bildirsagina, unga nisbatan “90 kunlik tanaffus” e’lon qilinadi.
Xitoy esa AQSHning boj siyosatiga javoban tariflarni 125 foizgacha oshirgan. Oq uy bu harakatni “qasoskorona choralar” deb atab, buning javobida AQSH Xitoydan olib kiriladigan ayrim mahsulotlarga tariflarni 245 foizgacha ko‘tarishini ma’lum qildi.
“Prezidentning Amerika iqtisodiyotini tiklash siyosati natijasida 75 dan ortiq mamlakat yangi savdo bitimlari bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan. Afsuski, Xitoy bunga javob o‘rniga qarshi chora ko‘rmoqda”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Hozircha tariflar aynan qaysi mahsulotlarga tatbiq etilishi ochiqlanmagan, biroq kuzatuvchilar ushbu qaror AQSH—Xitoy savdo urushini yanada keskinlashtirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.