Ma’lumot uchun Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi qarori bilan amaldagi Yo‘l harakati qoidalariga bir qancha o‘zgartirishlar kiritilgandi. Xususan, elektromotosikl, moped va skuterlar uchun alohida farqlovchi davlat raqam belgilari joriy etildi. Hukumat qarori bilan foydalanishda bo‘lgan moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida 2025-yil 30-sentyabrga qadar amal qiladigan vaqtinchalik nizom tasdiqlangan.
Unga ko‘ra, dvigatelining ish hajmi 25 sm3 va undan ortiq, lekin 50 sm3dan oshmaydigan, shuningdek, elektr dvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, biroq 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometr va undan ortiq, lekin 50 kilometrdan oshmaydigan transport vositalari (moped va skuter) uchun alohida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etildi hamda bu turdagi transport vositalari belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Moped yoki skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish YHXX hududiy boshqarmalarining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. 2024-yil dekabrida mototransport vositalarini (motosikl, elektromotosikl, moped va skuterlar) ro‘yxatdan o‘tkazish uchun BHMning 1,5 baravari (hozirda 618 ming so‘m) miqdorida stavka belgilangan. Ilgari bu BHMning 1,75 baravari edi.
Dastlab moped va skuter haydovchilarida “A” toifadagi haydovchiliik guvohnomasi bo‘lishi 2025-yil 1-martdan boshlab talab etilgandi. Keyinchalik hukumat qarori bilan bu muddat 2025-yil 1-oktyabrga qoldirilgandi.
Ayni vaqtda hujjatsiz yurgan skuter va moped haydovchilariga jarima rasmiylashtirish boshlanibdi.