Samarqandda chet eldan yozgi ta’tilga kelgan 16 yoshli o‘quvchi qiz viloyat shifoxonasida rejalashtirilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturi xabar berdi.
Qiz nafas olishda qiyinchilikdan shikoyat qilganidan so‘ng, shifokorlar unga jarrohlik aralashuvi zarurligini ma’lum qilgan. 1-iyul kuni bemor buvisi bilan birga LOR bo‘limiga yetib kelgan. Operatsiyadan bir necha soat o‘tib, u sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan holda nosilkada olib chiqilgan.
Buvisining so‘zlariga ko‘ra, shu vaqtda nabirasida hayot alomatlari ko‘zga tashlanmagan.
“Men uzoq kutdim, lekin menga operatsiya davom etmoqda, dedi shifokorlar. Oradan bir yarim soat o‘tib apparat olib kirishdi. So‘ng nabiramni kislorodga ulangan holda olib chiqishdi. U oʻsha paytda allaqachon vafot etgan deb o‘ylayman,” — dedi u.
Marhumaning yaqinlari operatsiya vaqtida ishlatilgan tampon nafas yo‘llarida qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Buvisining aytishicha, nevarasini olib chiqishganda tomogʻida ochilgan teshik boʻlgan. Shunga qaramay, qizda kislorod yetishmovchiligi sababli bo‘g‘ilish kuzatilib, natijada o‘limga olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bemor holati operatsiyadan keyin keskin yomonlashganini va u shifoxonada vafot etganini bildirdi.
Samarqand viloyati prokuraturasi sud-tibbiy ekspertiza tayinlagan. Hozirda xizmat tekshiruvi va tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.