Arizonalik 19 yoshli qiz ijtimoiy tarmoqdagi xavfli trendni takrorlash chog‘ida kimyoviy moddani nafasiga tortib, yuragi to‘xtab qoldi. U bir hafta hushsiz yotganidan so‘ng shifokorlar miya o‘limini qayd etdi. Bu haqda “AZ Family” telekanali xabar berdi.
Marhumaning otasining aytishicha, qizi mashhur bo‘lishni orzu qilgan va ko‘plab boshqa o‘smirlar kabi ijtimoiy tarmoqda “layk” yig‘ish maqsadida xavfli challenge’ni bajarishga uringan.
Tibbiyot xodimlarining ma’lumotiga ko‘ra, qiz kimyoviy gazni nafas orqali qabul qilgan. Ushbu moddalar o‘pka va butun organizmdan kislorodni siqib chiqarib, yurak faoliyatining to‘xtashi, jigar yetishmovchiligi va o‘pka kasalliklariga olib kelishi mumkin.
Shifokorlar bu hodisani ijtimoiy tarmoqlardagi xavfli trendlarning fojiali oqibati sifatida baholashmoqda.
Bu voqea internetdagi xavfli challenge’lar hayot uchun jiddiy tahdid solayotganini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Bollivudda ham yosh aktrisa yoshartiruvchi ukoldan so‘ng vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi.