Toshkent va viloyatlardagi bojxona xodimlari kontrabandaga qarshi kurashish bo‘yicha yirik operatsiya o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan yengil avtomobillarni Tojikistonga olib o‘tib, noqonuniy tarzda sotgan 8 nafar shaxs aniqlanib, qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahri, Toshkent va Namangan viloyatlari bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbirda aniqlanishicha, ushbu shaxslar “BYD”, “Volkswagen”, “KAIYI X3”, “Honda”, “Geometry”, “FAW ID4” kabi rusumlardagi jami 59 ta avtomobilning har birini 100–200 AQSH dollari evaziga Tojikistonga olib o‘tgan. Mazkur mashinalarning barchasi qo‘shni davlatda noqonuniy ravishda sotilgan.
Aniqlangan holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasi Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borildi. Natijada Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, materiallar tergov organiga yuborilgan.
Mutasaddilar fuqarolarni shaxsiy avtomobillarni boshqa shaxslarga ishonchnoma orqali topshirishda ehtiyot bo‘lishga chaqiradi. Agar siz ishonchnoma asosida berilgan avtomobilni qaytarib olishda muammoga duch kelayotgan bo‘lsangiz yoki transport vositasi chet elga olib chiqib ketilganidan shubhalansangiz, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishingiz so‘raladi, deyiladi qoʻmita bayonotida.