AQSh prezidenti Donald Tramp TikTok’ning AQShdagi bo‘limini boy sarmoyadorlar xarid qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda u 29-iyun kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Bizda TikTok uchun xaridor bor, aytgancha,” — dedi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xarid uchun Xitoy ruxsati kerak, lekin u Xitoy rahbari Si Szinpin bu qarorni ma’qullashiga ishonishini qo‘shimcha qildi.
Tramp hozircha kim xarid qilmoqchi ekanini ochiqlamadi. “Bu juda boy odamlar guruhi. Taxminan ikki haftadan keyin batafsil aytaman,” — degan u.
Oq uy matbuot kotibi Karolin Levittga ko‘ra, Tramp TikTok’ga AQShda ishlashda davom etishi uchun yana uch oy muhlat bermoqchi. Maxsus farmon asosida ilova faoliyatini vaqtincha davom ettiradi.
2024-yilda qabul qilingan qonunga binoan, TikTok’ning egasi — Xitoylik ByteDance kompaniyasi ilovani AQShda ishlashi uchun Xitoy bilan aloqasi bo‘lmagan xaridorga sotishi shart. Aks holda, ilova mamlakatda taqiqlanadi.
Tramp avvalgi prezidentlik davrida ham TikTok’ni taqiqlashga harakat qilgan, uni milliy xavfsizlikka tahdid deb atagan edi. Ammo o‘shanda sudlar bu qarorni to‘xtatib qo‘ygan.