Oʻzbekistonda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“Uzcosmos”) dalalarda somon va qoldiq poyalarni yoqish holatlari koʻpayganini qayd etdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi agentlik tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, bu holatlar sunʼiy yoʻldosh tasvirlari orqali muntazam ravishda kuzatilib, tegishli huquq-tartibot organlariga uzatilmoqda.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, gʻalla o‘rimidan soʻng bo‘shab qolgan maydonlarda somonni noqonuniy yoqish oqibatida tuproq unumdorligi pasaymoqda, tuproq strukturasiga zarar yetmoqda va foydali moddalarning tarkibi kamaymoqda. Bu holatlar ekin maydonlarining ball bonitetiga ham salbiy ta’sir koʻrsatmoqda.
Rasmiylar aytishicha, atmosferaga tarqalayotgan zaharli gazlar – jumladan is gazi, azot oksidi va uglevodorodlar inson salomatligiga ham tahdid solmoqda. Shu sababli, agentlik aholiga bunday harakatlardan qat’iyan voz kechishni tavsiya qilgan.
Mazkur huquqbuzarliklar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi asosida bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha (taxminan 3,75 million so‘m) jarima ko‘zda tutilgan. Yong‘in sodir bo‘lgan har bir gektar maydon uchun esa alohida iqtisodiy tovon undiriladi. Zararning yirik bo‘lishi holatida jinoiy javobgarlik ham qo‘llanishi mumkin.
Bayonotda shuningdek, bunday harakatlar fermer xo‘jaliklari uchun ajratilgan yerlar bilan ehtiyotsizlik bilan muomala qilinayotganini va ekologik majburiyatlar buzilayotganini anglatishi ta’kidlandi.
“O‘zbekkosmos” agentligi sun’iy yo‘ldoshlar orqali aniqlangan tasvirlar asosida somon yoqish holatlarini har kuni monitoring qilib borayotganini va aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha hujjatlar Bosh prokuratura va Ekologiya vazirligiga topshirilishini ma’lum qildi.
“Respublika miqyosida bu kabi noqonuniy yoqish holatlari tezkor aniqlanmoqda. Uddaburon fermer va tadbirkorlarni ogohlantirib aytamiz: bu harakatlaringiz uchun javobgarlik muqarrar bo‘ladi”, deyiladi bayonotda.