O‘zbekiston xavfsizlik xizmati xodimlari mamlakatning bir nechta hududlarida noqonuniy yer bitimlariga aralashgan shaxslarni qo‘lga oldi. Ularning umumiy zararli faoliyati 500 ming AQSh dollaridan oshgan.
Xorazm viloyatining Xiva shahrida bog‘dorchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari 19,9 gektar yer maydonini 30 gektar deb ko‘rsatib, uni tanish amaldorlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni taklif qilgan. U bu ish evaziga 120 ming dollar va 80 sotix yerga ko‘p qavatli uy qurilishiga ruxsat uchun yana 60 ming dollar — jami 180 ming dollar talab qilgan. U belgilangan pulni olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari tomonidan qo‘lga olindi.
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida Kadastr agentligining yetakchi inspektori fermer xo‘jaliklariga yer ajratish va issiqxona barpo etish masalasida yordam va’da qilib, ish yurituvchidan 150 ming dollar so‘ragan. U ham pulni olayotgan vaqtida maxsus operatsiya davomida ushlangan.
Toshkent viloyatining Angren shahrida yashovchi, ilgari bir necha marta sudlangan shaxs 18 sotix yer va unga tutash 2 gektar o‘rmon fondi yerini 100 ming dollarga sotishni, shuningdek, 21 ming dollar evaziga rasmiylashtirib berishni taklif qilgan. U so‘ralgan 121 ming dollarni olayotganida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan qo‘lga olingan.
Surxondaryo viloyatida esa “To‘palang-Qorato‘g‘” irrigatsiya tizimi boshqarmasi xodimi daryo va kanal muhofaza hududidagi 32 sotix yer maydonini 73,500 dollarga sotmoqchi bo‘lgan. U 70 ming dollar va 39 million so‘m olayotganida ushlangan.
Rasmiylarga ko‘ra, mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.