Toshkent viloyatida bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilingan 24 yoshli talaba qizning jasadi 11-sonli gidroelektrostansiya (GES) hududidagi chiqindilar to‘planadigan kolodetsdan topildi. Bu haqda Nova24.uz xabar berdi.
Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, qizning yo‘qolganligi haqida xabar 10-may kuni tarqalgan. Qibray tumanining “Botanika” mahallasida yashovchi talaba qiz uydan chiqqanicha qaytmagan.
2-iyun kuni, “Sohibkor” mahallasida joylashgan GES №11 chiqindi qudug‘idan qizning jasadi topilgan.
Jasad sud-tibbiy ekspertizaga yuborilgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, o‘lim sababi — suv nafas yo‘llarini to‘sib qo‘yishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya bo‘lgan. Tanada tan jarohati izlari aniqlanmagan.
Mazkur holat yuzasidan tekshiruv ishlari davom etmoqda.