Xitoyda paraplan sporti bilan shugʻullanuvchi Peng Yuzyan kuchli havo oqimi sababli tasodifan 8 ming metrdan oshiq balandlikka chiqib ketdi va sovuq, kislorodsiz muhitda bir soatdan ortiq havoda uchib, tirik qoldi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Peng Shimoliy Xitoydagi Chilyan togʻlarida yangi, ishlatilgan uskunani sinab koʻrmoqchi boʻlib, taxminan 3 ming metr balandlikdan mashgʻulot parvozini boshlagan. Oradan 20 daqiqa oʻtib, uni kuchli vertikal havo oqimi yuqoriga koʻtardi. Paraplan 5 ming metrdan oshib ketdi va yakunda 8 ming metrgacha koʻtarildi — bu deyarli Everest choʻqqisining balandligiga teng.
Uning tanasiga biriktirilgan videokamera tasvirlarida u bulutlar ustida uchayotgan, tanasi muzlab, butunlay sovuqdan qoplangan holatda aks etgan. U yerdagi harorat −35°C bo‘lgan. Bu kabi sharoitda oddiy odam kislorodsiz uzoq vaqt tirik qola olmaydi.
Peng havo sharoitiga qaramay, yerda qolgan doʻsti Gu Chjimin bilan radioaloqani saqlab turgan. Rasmiylar uning matonati va chidamiga yuqori baho berdi, ammo xavfsizlik qoidalarini buzgani uchun unga yarim yil davomida parvoz qilish taqiqlandi.
Uning bu balandlikdagi parvozi rekordga yaqin boʻlsa-da, u rasmiy tarzda roʻyxatga olinmagani bois, rekord sifatida tan olinmadi. Amaldagi dunyo rekordi 9946 metr boʻlib, 2007 yilda nemis sportchisi Eva Vishnerska tomonidan oʻrnatilgan.
Bu orada fransiyalik alpinist yaqinda Monblan cho‘qqisiga eng tez chiqish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatgani ham eʼlon qilindi.