Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy dushanba kuni AQShning yadro dasturiga doir talablarini keskin tanqid qildi. U uranni boyitishni to‘xtatish haqidagi da’volarni “haddan tashqari va aqlga sig‘maydigan” deb atab, Tehron va Vashington o‘rtasidagi muzokaralarning ijobiy yakun topishiga ishonmasligini bildirdi.
Xomanaiy bu fikrlarini marhum prezident Ibrohim Raisiy xotirasiga bag‘ishlangan rasmiy tadbirda so‘zladi. U AQShni muzokaralarda “bema’ni talablar” bilan chiqayotganlikda aybladi. “Men AQSh bilan yadro muzokaralari natija berishiga ishonmayman. Nima bo‘lishini bilmayman,” dedi u Eron davlat telekanali orqali.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh beshinchi muzokara raundiga sana taklif qilgan, ammo Eron bu sanani tasdiqlamagan. “AQShning pozitsiyalari mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi va bu muzokaralarning oldinga siljishiga to‘sqinlik qilmoqda,” dedi u.
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mojid Taxt-Ravanchiy esa agar AQSh Eronning uranni boyitishni to‘liq to‘xtatishini talab qilsa, bu muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrashi muqarrar ekanini ta’kidladi. Eron hukumatiga ko‘ra, uranni boyitish faqat tinch energetika maqsadlarida amalga oshirilmoqda va bu — suveren huquq.
Biroq Xalqaro Atom Energetikasi Agentligi (MAGATE) 2025-yil boshida e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Eron hozirda uranni 60 foizgacha boyitmoqda, bu esa 2015-yilda imzolangan “JCPOA” yadro kelishuvida belgilangan 3,67 foiz chegarasidan ancha yuqori. MAGATE maʼlumotlariga ko‘ra, Eron hozirda kamida 200 kilogramm 60 foizlik uran zaxirasiga ega, bu esa nazariy jihatdan yadro quroli ishlab chiqarishga yetarli material hisoblanadi.
Yadro qurolida foydalanish uchun zarur boyitish darajasi 90 foiz bo‘lib, xalqaro ekspertlar Eronning amaldagi boyitish sur’atlari va texnik imkoniyatlarini yuqori xavf sifatida baholamoqda.
AQSh Prezidenti Donald Tramp so‘nggi bayonotida Eron bilan kelishuvga yaqinlashayotganliklarini aytgan, biroq Eron tomoni hali hech qanday yangi rasmiy taklif olmaganini bildirgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, agar Eron tez orada harakat qilmasa, “yomon narsa bo‘lishi mumkin.”
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda AQSh Tramp ma’muriyati davrida 2015-yildagi yadroviy kelishuvdan chiqib, Eronga nisbatan sanksiyalarni qayta tiklagan edi. Shundan so‘ng Eron yadro boyitishni bosqichma-bosqich oshirib bordi va inspektorlar kirishiga cheklovlar qo‘ya boshladi.
Bugungi kunda muzokaralarning beshinchi bosqichi Rimda o‘tkazilishi kutilmoqda. Biroq tomonlar o‘rtasidagi asosiy ziddiyat — Eronning uran boyitishni davom ettirish huquqi va AQShning bu faoliyatni to‘xtatish talabi — kelishuvga erishishni murakkablashtirib turibdi.
Xalqaro hamjamiyat bu muzokaralarni mintaqaviy barqarorlik va global yadro tarqalishini cheklash uchun hal qiluvchi bosqich deb baholamoqda. Eron esa yadro texnologiyasini suveren huquq sifatida saqlab qolish niyatida qat’iy turibdi.