2025-yil 17-may kuni O‘zbekistonning janubiy va markaziy hududlarida kuchli changli havo kuzatildi. Sun’iy yo‘ldosh suratlariga qaraganda, chang ertalabdan boshlangan va tushga yaqin yanada kuchaygan. Ayniqsa, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarining ayrim qismlarida, shuningdek, Afg‘oniston va Tojikiston bilan chegaradosh hududlarda chang qalinroq ko‘ringan.
Toshkent shahrida ham havoda mayda zarrachalar miqdori oshgan. O‘zgidromet bergan ma’lumotga ko‘ra, PM2.5 zarrachalari miqdori 44,95 mkg/m³ ni tashkil etgan bo‘lib, bu ruxsat etilgan me’yordan (35 mkg/m³) 1,28 marta ko‘p. PM10 zarrachalari esa 205,57 mkg/m³ bo‘lib, u ruxsat etilgan me’yordan oshmagan (REM: 500 mkg/m³). Havodagi uglerod oksidi (CO) miqdori 0,27 mg/m³ bo‘lib, bu ham me’yorda hisoblanadi.
Viloyatlarda esa ko‘rsatkichlar ancha yomon. Buxoro shahrida PM10 miqdori 918,01 mkg/m³, PM2.5 esa 143,41 mkg/m³ ni tashkil qilgan. Qarshi shahrida PM10 – 948,42 mkg/m³, PM2.5 – 162,46 mkg/m³. Navoiyda esa PM10 – 712,33 mkg/m³, PM2.5 – 126,56 mkg/m³ bo‘lgan. Bu ko‘rsatkichlar me’yordan 2–3 baravar yuqori.
Mutaxassislar bunday changli ob-havo nafas olishda muammosi bor odamlar, bolalar, keksalar va allergiyasi bor fuqarolar uchun xavfli bo‘lishi mumkinligini aytishyapti.
O‘zgidromet fuqarolarga iloji boricha ochiq havoda kam yurishni, ko‘chaga chiqish kerak bo‘lsa, niqob taqishni, uyda esa deraza va eshiklarni yopib turishni tavsiya qilmoqda.