Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Jahon

Putin Istanbulga kelmadi: Yevropa keskin sanksiyalar bilan javob berishi mumkin

Nilufar Qobilova 16.05.20252 daqiqa o'qiladi
Pochta :20

Yevropa yetakchilari 16-may kuni Albaniyaning Tirana shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Politico nashri xabar berdi.

Politico’ning yozishicha, bu tashabbus Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15-may kuni Istanbulda o‘tishi rejalashtirilgan tinchlik muzokaralariga shaxsan kelmagani ortidan paydo bo‘lgan.


Tiranada bo‘lib o‘tadigan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Merts, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirok etishi kutilmoqda.

Asosiy e’tibor Moskvaga qarshi savdo embargosini to‘liq joriy qilish masalasiga qaratiladi, deyiladi xabarda. Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqi (YI) hozirgacha 17-paket sanksiyalarni tasdiqlagan, biroq Rossiyaga to‘liq savdo embargosini joriy etish masalasida hali keskin choralar ko‘rilmagan.

Yangi paketda Rossiyaning neft va gaz eksportini cheklashga urinishlar, shuningdek, sanksiyalarni uchinchi davlatlar orqali chetlab o‘tayotgan kompaniyalar bilan hamkorlikni taqiqlash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Rossiyaning harbiy mashinasiga yordam bergan 75 ta jismoniy va yuridik shaxs sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi kutilmoqda. Yangi sanksiyalar 20-may kuni YI mudofaa va tashqi ishlar vazirlari tomonidan tasdiqlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Putin 11-may kuni Ukrainaga hech qanday dastlabki shartlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan, Zelenskiy esa bunga rozi bo‘lib, 15-may kuni Turkiyada uchrashishni kutishini bildirgandi.


Biroq Rossiya prezidenti delegatsiyani Istanbulga yuborishni tasdiqlagan bo‘lsa-da, o‘zi shaxsan muzokaralarda qatnashmadi. Muzokaralar 16-may kuni boshlanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *