Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida yashovchi to‘rt nafar erkak Zarafshon daryosida elektr toki yordamida baliq ovlagani uchun uch yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ular taqiqlangan usul orqali qariyb 400 dona baliq tutgan. Ulardan 46 tasi O‘zbekistonning “Qizil kitob”iga kiritilgan noyob “Turkiston mo‘ylovdori” turiga mansub bo‘lgan.
Reyd vaqtida ular ushlangan, voqea joyidan qayiq, akkumulyator va elektr qurilmalari dalil sifatida musodara qilingan.
Navbahor tuman sudining qaroriga ko‘ra, sudlanuvchilardan 6,3 milliard so‘m miqdorida moddiy zarar ham undiriladi. Rasmiylar tabiatga yetkazilgan zarar “juda jiddiy” ekanini ta’kidladi.