O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan shaxslar va kompaniyalar orqali xorijga ishga yuborish holatlariga qarshi keskin choralar ko‘rayotganini ma’lum qildi.
2025-yil 22-aprel kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan 252-sonli qarorga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolarini xorijda tashkil etilgan tartibda ishga joylashtirish faqat Migratsiya agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonunga binoan, bu faoliyatni yuritish huquqi faqatgina Migratsiya agentligi tomonidan litsenziya berilgan xususiy bandlik agentliklariga tegishli.
Ammo so‘nggi paytlarda ayrim shaxslar litsenziyaga ega bo‘lmagan holda, fuqarolarga xorijda ish topib berishni va’da qilib, bu xizmatni “konsalting” yoki “axborot xizmati” niqobi ostida noqonuniy ravishda amalga oshirmoqda.
Migratsiya agentligining nazorat tadbirlarida “WORLDVISA” MChJ, “Everyone Consult” MChJ va “Adworld Group” MChJ kabi kompaniyalar ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlari orqali fuqarolarni ishga yuborishni va’da qilib, ulardan pul yig‘ib, xizmatni bajarmagani aniqlangan. Mazkur kompaniyalarga nisbatan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha jarimalar qo‘llanildi.
Agentlik ogohlantiradi:
litsenziyasiz tashkilotlar orqali ish izlash fuqarolarni moliyaviy va huquqiy xavflarga olib kelishi mumkin. Rasmiylar aholini ehtiyotkorlikka va quyidagi tavsiyalarga amal qilishga chaqirmoqda:
— Faqat ruxsatnoma olgan agentliklar bilan hamkorlik qiling.
— Har qanday shartnomani imzolashdan avval uni to‘liq o‘qib chiqing.
— Noma’lum manbalarga to‘lov amalga oshirmang.
“Xavfsizligingiz o‘z qo‘lingizda”, — deyiladi Migratsiya agentligi bayonotida.